O‘zbekiston bojxona organlari 2025-yilning 11 oyi yakunlari bo‘yicha giyohvandlik va psixotrop moddalar kontrabandasiga qarshi kurash natijalarini e’lon qildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu davrda jami 1,6 tonna noqonuniy narkotik moddalar aniqlanib, muomaladan chiqarilgan. Bu haqda Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xabar berdi.
Statistikaga nazar tashlansa, so‘nggi yillarda ko‘rsatkichlar keskin oshganini ko‘rish mumkin. Xususan, 2021-yilda 537 kilogramm giyohvand modda aniqlangan bo‘lsa, 2024-yilda bu raqam 1 tonnaga yetgan. 2025-yilning 11 oyi esa rekord natija bilan yakunlanib, asosan tabiiy narkotik vositalar — 1 191 kilogramm gashish, 259 kilogramm opiy va 61 kilogramm kannabis musodara qilingan.
Shuningdek, kuchli ta’sir qiluvchi psixoaktiv moddalar hajmi ham sezilarli darajada oshgan. Hisobot davrida 1,06 tonnadan ortiq shunday moddalar aniqlangan bo‘lib, ular orasida sibutramin (879 kg), pregabalin (119 kg) va gabapentin (28 kg) asosiy ulushni tashkil etgan.
Mutasaddi idoralarga ko‘ra, asosiy narkotrafik yo‘nalishlari Afg‘oniston – O‘zbekiston – Qozog‘iston – Rossiya hamda Qirg‘iziston orqali o‘tuvchi tranzit yo‘llar bo‘lib qolmoqda. 2024–2025-yillarda bojxona organlari tomonidan 9 ta yashirin narkolaboratoriya fosh etilgan, shuningdek, internet orqali faoliyat yuritgan narkodo‘konlardan qariyb 100 kilogramm giyohvand va psixoaktiv moddalarning noqonuniy savdosiga barham berilgan.


