O‘zbekiston Afg‘onistonning Mavlono Jaloliddin Balxiy nomidagi Mozori-Sharif xalqaro aeroporti faoliyatini tiklash bo‘yicha texnik yordam ko‘rsatish jarayonini yakuniga yetkazdi.
Jarayonning yakuniga bag‘ishlangan tantanali marosim 25-oktabr kuni bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev, transport vaziri Ilhom Mahkamov, “O‘zaviatsiya” agentligi, "O‘zaeronavigatsiya markazi", Uzbekistan Airports, O‘zgidromet va boshqa tuzilmalar vakillari ishtirok etgan.
Taʼkidlanishicha, O‘zbekiston yordamida aeroportda havo harakatiga xizmat ko‘rsatish, parvozni radiotexnik jihatdan taʼminlashga erishilgan.
Texnik taʼminlash yo‘nalishi bo‘yicha Mozori-Sharif aerodromining uchish-qo‘nish yo‘lagi qoplamasi, havo kemalari uchun burilish yo‘laklari va to‘xtab turish joylaridagi belgilar bo‘yog‘i to‘liq yangilangan. Qolaversa, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan hududning elektr va yorug‘lik-texnik taʼminoti zamonaviy talab darajasiga keltirilgan.
Tadbirda aeroportning qurilishi tugallangan obyektlarini foydalanishga topshirish va faoliyatni tiklash uchun zarur jihozlarni qabul qilib olish hujjati imzolandi.


