Bugun Transparency International xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan Korrupsiyani qabul qilish indeksi 2022 yil natijalari eʼlon qilindi.
180 ta davlat orasida O‘zbekiston 31 ball bilan 126-o‘rinni egalladi. Ahamiyatlisi mamlakatimiz ballarini 3 taga oshirib, o‘rnini 14 pog‘onaga yaxshilashga (2021 yilda 140 o‘rin) muvaffaq bo‘ldi.
Maʼlumot uchun: Korrupsiyani qabul qilish indeksi 1995 yildan buyon eʼlon qilinib kelinadigan davlat tizimida korrupsiyani qabul qilinish darajasini aks etuvchi hamda ekspertlar va ishbilarmonlar so‘rovi asosida shakllanuvchi 13 ta manbalardan tashkil topgan har yillik indeks hisoblanadi. O‘zbekiston mazkur manbalarning 7 tasi bo‘yicha baholanadi.
Bunda 0 ball – korrupsiyani qabul qilishda eng yuqori ko‘rsatkich, 100 ball — eng past shkala hisoblanadi.
Mamlakatimiz mazkur indeksda so‘nggi 6 yil davomida o‘sish suratlarini qayd etayotgan (2017 yilda 22 balldan 2022 yilda 31 ballgacha) davlat sifatida Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasining aksilkorrupsiya islohotlarini tizimli ravishda amalga oshirayotgan davlatlar qatorida qayd etildi.


