Ikki tomonlama hamkorlik doirasida yuqori malakali ilmiy, muhandis kadrlar tayyorlashga qaratilgan qo‘shma loyihalar, xalqaro ilmiy forumlar va taʼlim dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha ishlar yo‘lga qo‘yiladi.
Respublikaning ilmiy va taʼlim tashkilotlari hamda Yadroviy tadqiqotlar Birlashgan instituti o‘rtasida hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Fanlar akademiyasida YATBI va O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Namangan muhandislik-texnologiyalari institutlari o‘rtasida hamkorlik shartnomalariga imzo chekildi.
Bundan ko‘zlangan maqsad, yuqori malakali ilmiy, muhandis kadrlar tayyorlashga qaratilgan qo‘shma loyihalar, xalqaro ilmiy forumlar va taʼlim dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat.
Shuningdek, YATBI delegatsiyasi tashrifi doirasida Yadro fizikasi institutida “Bulutli hisoblashlar klasteri”ni ochish va ishga tushirish marosimi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Maʼlumot o‘rnida, Yadroviy tadqiqotlar Birlashgan instituti (YATBI) Dubna shahrida joylashgan xalqaro tadqiqot markazidir. Institut 1956-yil 26-martdan davlatlararo “YATBIni tashkil etish to‘g‘risidagi shartnoma” asosida tashkil etilgan. YATBI xalqaro standartlariga muvofiq, BMT Kotibiyatida ro‘yxatdan o‘tgan. Hozirgi vaqtda Yevropa, Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasining 19 ta davlati YATBI doimiy aʼzolari hisoblanadi. O‘zbekiston 1993-yildan beri YATBIning to‘laqonli aʼzosiga aylangan.


