Kuni kecha shu mazmundagi maktub O‘zbekiston professional boks federatsiyasiga keldi.
WBC-ABC prezidenti Kovit Bxakdibxumi tomonidan imzolangan maktubda “...ulkan mamnuniyat ila O‘zbekiston professional boks federatsiyasi safimizga rasman qabul qilinganini eʼlon qilmoqdamiz. Isteʼdodli, kelajagi porloq o‘zbekistonlik professional bokschilarga WBC tizimida o‘tkaziladigan mintaqaviy chempionatlarda ishtirok etish uchun amaliy ko‘mak beriladi. O‘zbekistonda WBC bayrog‘i ostidagi boks kechalari o‘tkaziladi”, — deyiladi.
WBC dunyodagi eng nufuzli professional boks tashkiloti. 1963 yilda asos solingan. Shtab-kvartirasi Meksikada. Ayni paytda Maurisio Suleyman WBC prezidenti. Muhammad Ali, Jo Freyzer, Mayk Tayson, Lennoks Lyuis, Floyd Meyvezer, Vitaliy Klichko kabi eng dongdor bokschilar o‘z vaqtida WBC yo‘nalishida jahon chempioni bo‘lgan.
Joriy yil aprel oyida o‘z faoliyatini yangi tarkib bilan boshlagan O‘zbekiston professional boks federatsiyasi qisqa muddatda WBC aʼzoligiga qabul qilindi. Endi WBA, WBO va IBF singari boks tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilishi kutilmoqda, deyiladi O‘zbekiston professional boks federatsiyasi matbuot xizmati xabarida.


