«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ 34 ta zamonaviy elektropoyezd sotib olish bo‘yicha xalqaro tender eʼlon qildi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur tender elektropoyezdlarga texnik xizmat ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalarni yetkazib berish, shuningdek, kadrlar tayyorlashni ham nazarda tutadi.
Harakat tarkibini yangilash, zamonaviy elektropoyezdlarni xarid qilish bo‘yicha hozirda «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati Stadler, Skoda, Talgo, Hyundai, CAF, Siemens, Alstom, Hitachi, Pesa, CRRC-Dalian kabi dunyoning eng ilg‘or kompaniyalari bilan muzokaralar olib bormoqda.
34 ta zamonaviy elektropoyezdlarning xarid qilinishi natijasida 8 ta yangi yo‘nalishlarda temir yo‘l qatnovlari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Bular:
Toshkent—Jizzax—Toshkent, Toshkent—Keles—Toshkent, Navoiy—Buxoro—Navoiy, Samarqand—Jizzax—Samarqand, Samarqand—Shahrisabz—Samarqand, Samarqand—Qarshi—Samarqand, Andijon—Xonobod—Andijon, Nukus—Xiva—Nukus.
Yangi yo‘nalishlarda temir yo‘l qatnovining yo‘lga qo‘yilishi natijasida bir yilda 5 million 925 ming 500 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatiladi.
Shuningdek,
Toshkent—Xojikent—Toshkent, Toshkent—Angren—Toshkent, Namangan—Andijon—Namangan, Qo‘qon— Andijon—Qo‘qon, Toshkent—Guliston—Toshkent, Toshkent—Bekobod—Toshkent, Termiz—Sariosiyo—Termiz, Qarshi—Buxoro—Qarshi, Buxoro—Xiva—Buxoro, Samarqand—Buxoro—Samarqand kabi 10 ta mavjud yo‘nalishlarda esa qo‘shimcha poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
«Yangi yo‘nalishlarda poyezdlar harakatining yo‘lga qo‘yilishi va mavjud yo‘nalishlarda qo‘shimcha qatnovlarning tashkil etilishi orqali bir yilda jami 22 million 473 ming 500 nafar yo‘lovchiga sifatli xizmat ko‘rsatishga erishiladi», — deyiladi xabarda.


