O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov Buyuk Britaniya davlat kotibining tashqi ishlar, Hamdo‘stlik masalalari va xalqaro taraqqiyot bo‘yicha parlamentar o‘rinbosari Leo Dokerti bilan muzokaralar o‘tkazdi.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, suhbat chog‘ida siyosiy, iqtisodiy, savdo-investitsiyaviy, madaniy-gumanitar, fan-taʼlim va boshqa sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning keng ko‘lamli masalalari muhokama qilindi. Bo‘lajak qo‘shma tadbirlar, jumladan, TIVlararo siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundi bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Buyuk Britaniya tomoni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan, jamiyat hayotining deyarli barcha jabhalarini qamrab olgan ijobiy o‘zgarishlarni yuqori baholashi taʼkidlandi.
Shuningdek, foydalanilmagan ulkan salohiyatni to‘liq ro‘yobga chiqarish maqsadida iqtisodiy diplomatiyani faol rivojlantirishdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekanligi qayd etildi.
Bundan tashqari, ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari rahbarlari o‘rinbosarlari mehnat migrasiyasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, ekologik yo‘nalishdagi sheriklikni mustahkamlash masalalari, shuningdek, xalqaro kun tartibining ayrim jihatlarini ham muhokama qildilar.


