Qohirada ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Taʼkidlanishicha, so‘nggi yillarda iqtisodiy sohada O‘zbekiston-Misr munosabatlari faol rivojlanish bosqichiga o‘tgan. 2017 yildan buyon o‘zaro savdo va sarmoyaviy hamkorlik faollashib, ushbu yo‘nalishga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi so‘nggi besh yilda uch barobardan ziyod, 2017-yilda qariyb10 million dollardan 2022 yilda 30,5 million dollargacha oshdi. O‘zbekistonning Misrga eksporti 16 barobarga oshgan.
“Bularning barchasi Misrlik yirik investorlarga O‘zbekistondagi xilma-xil savdo-iqtisodiy loyihalarida ishtirok etish, Markaziy Osiyoning qoq Markazidagi jo‘g‘rofiy o‘rnini hisobga olgan holda qo‘shma investitsion loyihalarini amalga oshirish, bu esa unumdorlik va eksport imkoniyatlarini oshiradi”, — deydi Markaz direktori Obid Hakimov.
Markaz direktorining so‘zlariga ko‘ra, investitsion sohadagi hamkorlik ham faol rivojlanmoqda. Xususan, O‘zbekistonda Misrlik ishbilarmonlarning kapitali ishtirokida 29 ta qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Misrning “Solifar” kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkent viloyatidagi “Bo‘stonliq-farm” EIZda farmatsevtika sohasida (qiymati 20 mln dollar) ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Qashqadaryo viloyatida gepatit C preparatlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha (1,4 mln dollar) Misrning “One World Pharma” kompaniyasi bilan ishlar olib borilmoqda. «Kapo Agri» kompaniyasi bilan Namangan viloyatida baliqchilik sohasidagi loyiha bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tkazildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi o‘zaro savdo va investitsion ko‘rsatkichlari hajmi to‘g‘risidagi maʼlumotlar tahlili natijasida ushbu sohada hali foydalanilmagan ulkan salohiyat mavjud ekanligi alohida qayd etib o‘tildi.


