Qohiradagi “Al-Ittihodiya” saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Davlat rahbarlari O‘zbekiston-Misr hamkorligini yana-da rivojlantirish masalalarini atroflicha muhokama qilib, o‘zaro munosabatlarni keng qamrovli sheriklik darajasiga olib chiqishga kelishib oldilar.
Siyosat, xavfsizlik, savdo va sanoat kooperatsiyasi sohalaridagi hamkorlikni tubdan kengaytirish hamda madaniy-gumanitar va taʼlim aloqalarini mustahkamlash masalalari muzokaralarning asosiy mavzulari bo‘ldi.
Prezidentlar Misrning “Nazar-2030” strategik rejasi va Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar bir-biriga hamohang ekanini qayd etdilar.
Davlatimiz rahbari Misr Prezidentini Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha SOR-27 xalqaro sammiti muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi.
Muzokaralar chog‘ida yetakchilar ikki tomonlama munosabatlar jadal rivojlanib borayotgani, keng siyosiy muloqot faollashgani, BMT, IHT, SHHT va Qo‘shilmaslik harakati kabi xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro ko‘maklashilayotgani, parlamentlararo aloqalar jadallashganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Energetika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston va Misrni bog‘lab turgan transport yo‘laklarini rivojlantirish choralari ham muhokama qilindi.
Madaniy-gumanitar va diniy aloqalarni rivojlantirish muhimligi qayd etildi. Arab tili mutaxassislarini tayyorlash sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan kelishuvga erishildi. O‘zbekiston Prezidenti 2024 yilda Arabshunoslik global forumini birgalikda taklif etish tashabbusini ilgari surdi.
Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.


