Qonunchilik palatasining majlisida "Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik yana-da liberallashtirilishi munosabati bilan Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, qonun loyihasi bilan shaxsning voyaga yetmagan davrida sodir etgan jinoyati uchun qonun oldida o‘z jazosini to‘liq o‘tab bo‘lgandan so‘ng, uning oqibatlari kelgusi hayotiga taʼsir qilmasligi va o‘z hayotini yangitdan boshlashi uchun imkoniyat berilishini taʼminlash maqsadida voyaga yetguniga qadar sodir etgan jinoyati uchun jazoni o‘tab bo‘lgan shaxs sudlanmagan deb hisoblanishi belgilanmoqda.
Ushbu qonun bilan voyaga yetmaganlarga nisbatan ozodlikni cheklash hamda ozodlikdan mahrum qilish jazosining eng kam muddati 6 oydan 1 oyga qisqartirilmoqda.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan muhokama qilinib, qabul qilindi.


