Davlat rahbarining tegishli qaroriga muvofiq, 2025-yilning ikkinchi yarmidan boshlab korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy eksperiment joriy etildi. Mazkur eksperiment doirasida beshta idora, jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligining Komplayens-nazorat bo‘limi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tasarrufida faoliyat olib bormoqda. Qisqa muddat ichida vazirlik bilan hamkorlikda ichki nazorat mexanizmlari takomillashtirilib, sohada ochiqlik va hisobdorlik darajasi oshirildi hamda korrupsion xavflarning oldini olish bo‘yicha sezilarli natijalarga erishildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, sog‘liqni saqlash tizimida korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar soni 2024-yildagi 527 tadan 2025-yilda 498 taga kamaydi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 29 taga yoki 5,6 foizga kamayishni anglatadi.
Vazirlik “ISO 37001:2025 – Anti-bribery management systems” xalqaro standarti bo‘yicha sertifikat oldi. Ushbu standart Markaziy Osiyo davlatlari orasida tibbiyot sohasida ilk bor joriy etildi.
Manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq 1 280 ta xavf holati aniqlanib, natijada 227 nafar xodim ishdan bo‘shatildi, 485 nafari esa rotatsiya qilindi. Shu bilan birga, tizimdagi 9 842 nafar rahbar va moddiy javobgar shaxs manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha yillik deklaratsiyalarni belgilangan tartibda topshirdi.
Davlat xaridlarida tibbiy jihozlar kafolat majburiyatlarini monitoring qilish tizimi yo‘lga qo‘yilib, ish va xizmatlar narxlari qayta ko‘rib chiqildi. Natijada 247 mlrd so‘m mablag‘ iqtisod qilindi hamda 10 mlrd so‘mlik ortiqcha rejalashtirishning oldi olindi.
O‘rganishlar davomida 3 ta holatda jami 5,5 mlrd so‘m miqdorida moddiy zarar aniqlanib, jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Yana bir holatda qariyb 100 mln so‘m noqonuniy to‘langan mablag‘ davlat byudjetiga qaytarildi.
Korrupsiyaning oldini olish choralarini yetarli darajada ta’minlamagan mansabdor shaxslarning 91 nafari intizomiy, 11 nafari ma’muriy javobgarlikka tortildi, 15 nafari ishdan bo‘shatildi hamda 3 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Komplayens-nazorat tuzilmasi tomonidan “E-Anticor.uz” elektron platformasi orqali manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha qonunchilik talablariga rioya etilishi monitoring qilinib, 366 ta korrupsiyaviy xavf holati aniqlandi.
Hududlarda 72 ta tibbiyot muassasasida korrupsiyaga qarshi ishlar holati joyiga chiqib o‘rganildi. Bundan tashqari, sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish amaliyoti joriy etilib, 11 ta qonun loyihasi, 36 ta Prezident va Vazirlar Mahkamasi hujjatlari hamda 27 ta idoraviy hujjat ekspertizadan o‘tkazildi.


