Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi 2026-yilga mo‘ljallangan ish vaqti kalendarini ishlab chiqdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi. Kalendar Mehnat kodeksi normalari hamda Prezidentning rasmiy bayramlar va qo‘shimcha dam olish kunlariga oid farmoni asosida tayyorlangan.
Yangi hujjatda 5 kunlik (40 soatlik), 6 kunlik (40 soatlik) va 6 kunlik (36 soatlik) ish haftalari uchun oylar, choraklar, yarim yil va yil kesimida ish kunlari hamda ish soatlari soni hisoblab chiqilgan. Shuningdek, bayram va bayramoldi kunlarida amal qiladigan ish vaqti me’yorlari alohida ko‘rsatib o‘tilgan.
Mazkur ish vaqti kalendaridan tashkilot va korxonalarda ish grafiklarini tuzish, xodimlar ta’tilini rejalashtirish, shuningdek, oylik va yillik ish soatlarini aniqlashda foydalanish mumkin. Hujjat mehnat jarayonlarini aniq va tizimli tashkil etishga xizmat qiladi.
Agar yil davomida Prezident farmoni bilan qo‘shimcha dam olish kunlari belgilansa yoki mavjud dam olish kunlari ko‘chirilsa, ish vaqti kalendariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi qayd etildi. Avvalroq bayram kunlariga doir dam olish tartibi bo‘yicha farmon imzolangani haqida xabar berilgan edi.


