2024-yilning 1-iyul holatiga O‘zbekiston aholisi 37 mln 134,2 ming kishini tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,1 foiz yoki 761,8 ming kishiga ko‘paygan. Bu haqIda Statistika agentigi ma’lum qildi.
Joriy yildan boshlab aholi sonining o‘sishi sekinlasha boshlagan. Xususan, 2023-yilning mos davrida aholining o‘sishi 2,2 foizni yoki 768,8 ming nafarni tashkil etgan.
2024-yil yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda qayd etilgan nikohlar soni 97 ming 400 tani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1265 taga kamaygan. 2022 yilning mos davri bilan taqqoslanganda esa 11 ming 534 taga kamaygan.
Hisobot davrida qayd etilgan nikohlarda ayollarning o‘rtacha yoshi 22,9 yoshni, erkaklarning o‘rtacha yoshi esa 27,8 yoshni tashkil etgan. Qayd etilgan nikohlarning eng katta ulushi 25 yoshgacha bo‘lgan ayollarga to‘g‘ri kelib, jami nikohlarning 76,2 foizini tashkil etgan.
Joriy yilning birinchi yarim yilligida qayd etilgan nikohdan ajralishlar soni 22 ming 467 tani tashkil etib, 2023 yilning mos davriga nisbatan 2955 taga yoki 11,6 foizga kamaygan. Shunday bo‘lsa-da, bu ko‘rsatkich 2021-yilga nisbatan 3 mingtaga ko‘p.


