Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, maʼmuriy sud ishlarini yuritishda dastlabki eshituv instituti joriy etilmoqda. Ushbu bosqichda dalillarni to‘plash, daʼvolarni aniqlashtirish va tomonlar o‘rtasida kelishuvga erishish imkoniyati yaratiladi. Bu esa ishlarni ko‘rib chiqish muddatlari va ortiqcha xarajatlarni kamaytirishi kutilmoqda.
Qonun loyihasida davlat amaldorlarining sud majlislarida majburiy ishtiroki belgilab qo‘yilgan. Asossiz sabablar bilan sudga kelmaslik sud jarimasiga sabab bo‘ladi. Ushbu chora sud jarayonlarida intizomni kuchaytirish va haqiqiy tortishuv tamoyilini taʼminlashga qaratilgan.
Shuningdek, maʼmuriy sudlarga sudga hurmatsizlik qilish hamda xususiy ajrim va qarorlarni ijro etmaslik holatlarida maʼmuriy jazo choralarini qo‘llash vakolati berilmoqda.
Qonun loyihasini ishlab chiqishda Germaniya, Yaponiya, Estoniya va Fransiya kabi rivojlangan davlatlarning maʼmuriy adliya sohasidagi ilg‘or tajribasi chuqur o‘rganilgan, shuningdek, korrupsiyaga qarshi va gender ekspertizalaridan o‘tkazilgan hamda jamoatchilik muhokamasida qo‘llab-quvvatlangan.
Taʼkidlanishicha, mazkur o‘zgarishlar davlat organlari ustidan sud nazoratini kuchaytirish, biznes muhitini yaxshilash va sud tizimiga bo‘lgan jamoatchilik ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.


