
Qayd etilishicha, seminar byudjet maʼlumotlarining transparentligi va mavjudligi masalalari bo‘yicha jamoatchilik bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etilgan. Xususan, tadbirda Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, xalqaro tashkilotlar, vazirlik va idoralar, viloyat va tuman hokimliklari vakillari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etish uchun taklif etilgan.
Seminarning rasmiy qismi doirasida Moliya vazirligi «Ochiq byudjet» (www.openbudget.uz) portalining yangilangan versiyasini taqdim etgan. Maʼlumot uchun, portal 2019 yildan buyon faoliyat olib boradi va mamlakatda byudjet jarayonining asosiy jihatlarini ochib beradi, byudjetning asosiy parametrlari, byudjet daromadlari va xarajatlari tarkibi, shuningdek, davlat byudjeti ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlar va boshqa byudjet maʼlumotlari haqida maʼlumot beradi.
Xabarga ko‘ra, 2021 yilda BMTTD va Moliya vazirligining «O‘zbekistonda barqaror rivojlanishni moliyalashtirish» qo‘shma loyihasini amalga oshirish doirasida portalning dizayni qayta ko‘rib chiqilgan va uning faoliyati sezilarli darajada kengaytirilgan. Portalning taqdim etilgan versiyasida yangi qulay formatda davlat byudjetining ijrosi to‘g‘risidagi maʼlumotlar aks ettirilgan. Portal mahalliy byudjetlarning ijrosi, jumladan, byudjet tashkilotlarining (har bir byudjet tashkiloti kesimida) va byudjetdan tashqari daromadlar va xarajatlar (O‘zASBO dasturi bilan integratsiyalashuv orqali) real vaqt rejimida bajarilishi haqida maʼlumot olish imkonini beradi. Qiziquvchilar, shuningdek, byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi maʼlumotlarini onlayn ravishda kuzatib borishlari va yuklab olishlari mumkin.
Bundan tashqari, portalning funksiyalari fuqarolarga tegishli mahalliy byudjetlar mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan tashabbuslarni ilgari surish va tanlashda ishtirok etish imkoniyatini berish bo‘yicha takomillashtirildi. 2019 yildan boshlab respublikada fuqarolarning byudjet mablag‘larini taqsimlashda ishtirok etish mexanizmi joriy etildi, bu esa tumanlar (shaharlar) byudjetlarining qo‘shimcha manbalarining bir qismini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirishni nazarda tutadi.
Shuningdek, 2021 yilda jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun ajratiladigan mablag‘lar manbalari kengaytirilgan. Shu munosabat bilan, portalning yangi versiyasida fuqarolar tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar bo‘yicha byudjet mablag‘lari, shuningdek, jamoatchilik ovozi orqali amalga oshiriladigan tashabbuslarni ilgari surish jarayoni butunlay yangicha tarzda ishlab chiqilgan.
«Endi har bir fuqaro o‘z tashabbusini ilgari surish yoki fuqarolarning boshqa tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash orqali byudjet mablag‘larini sarflashning ustuvor yo‘nalishlarini belgilashda ishtirok etishi mumkin. Buning uchun fuqaro saytda ro‘yxatdan o‘tishi va bundan keyin o‘z tashabbusini taklif qilishi yoki ilgari taklif qilingan tashabbuslar uchun ovoz berishlari kerak», deyiladi xabarda.


