Bugundan “UzAuto Motors” AJning Asaka shahridagi zavodida Chevrolet Tracker-2023 avtomobilini ishlab chiqarish boshlandi.
Shavkat Mirziyoyevning mashinasozlik tarmog‘ini transformatsiya qilish bo‘yicha bergan topshirig‘iga binoan kompaniyaning ushbu avtomobilni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi, mamlakatimiz avtomobilsozlik sanoati rivojida yangi qadam bo‘ldi, chunki O‘zbekistonda birinchi marta krossoverlar to‘liq siklda ishlab chiqarila boshlandi.
O‘zbekiston, Xitoy va Braziliyadan keyin eksport bozorlarida eng talabgir, Braziliya, Meksika va Filippinda eng ko‘p sotiladigan krossover Chevrolet Tracker-2023 avtomobilini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan uchinchi mamlakatga aylandi. Avtomobilni GM GEM (General Motors Global Emerging Markets) platformasida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu Asaka avtomobil zavodini modernizatsiya qilish va mahalliy yetkazib beruvchi hamkorlar tomonidan ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan sarmoyalar tufayli amalga oshirildi. Investitsiyalarning umumiy hajmi 620 million dollardan ortiq.

Prezident topshirig‘iga binoan kompaniyaning boshqaruv va ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich o‘zgartirish ishlari doirasida, yagona platformadagi avtomobil modellarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish amalga oshirildi. Ushbu bosqichda platformaning ishlab chiqarish quvvati yiliga 80 000 dona Chevrolet Tracker avtomobilini tashkil etadi.
Ushbu loyihani amalga oshirish jarayonida Asaka zavodida lazer va plazmali payvandlash, kuzovni lazer bilan o‘lchash kabi yangi texnologiyalar o‘zlashtirildi, shuningdek, zavod va butlovchi qismlarni yetkazib beruvchilarda ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Bundan tashqari, UzAuto Motors Powertrain zavodida Chevrolet Tracker avtomobillarini jihozlashda foydalaniladigan zamonaviy va tejamkor 1,2 hajmli, uch silindrli CSS Prime turbodvigatellarni ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Yangi dvigatel Xitoydan olib kelinadigan 125 ot kuchiga ega Tracker avtomobillari dvigatelidan kuchliroqdir. Yangi Tracker quvvati 132 ot kuchiga ega.
Mahalliylashtirish darajasini yana-da oshirish maqsadida ayni paytda yangi zavodlar qurish va plastik yonilg‘i baklari, rul kamarlari, rezina qistirmalari, quyma temir qismlari, issiq shtamplash qismlari va boshqa butlovchi qismlarni ishlab chiqarish bo‘yicha yangi ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy etish dasturi faol amalga oshirilmoqda. Ushbu dasturni amalga oshirish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, GM GEM platformasi asosida bir nechta modellarni ishlab chiqarishni shuningdek, investitsiyalar hajmini optimallashtirish, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish hamda mahalliylashtirish darajasini 60 foizdan oshirish imkonini beradi.
Bundan tashqari, UzAuto Motors‘ning Asaka shahridagi zavodida yangi platformani joriy etish dasturini amalga oshirish va Chevrolet Tracker 2023 modelini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun qo‘shimcha tarzda yana 500 nafarga yaqin xorijiy mutaxassislar jalb qilindi.

Birinchi bosqichda Chevrolet Tracker 3 ta asosiy: LS, LT va Premiyer komplektatsiyalarda ishlab chiqariladi. Avtomobillar sotuvi joriy yilning 30 avgust sanasidan boshlanishi rejalashtirilgan.
Eʼtiborlisi, yangi avtomobil modelini ishlab chiqarishni boshlash kompaniyaning 19 iyul kuni 26-yoshga to‘lishini nishonlash arafasida sodir bo‘ldi va O‘zbekiston avtomobil ixlosmandlari uchun korxona jamoasidan o‘ziga xos mehnat sovg‘asiga aylandi.
Chevrolet Tracker-2023
Chevrolet Tracker ixcham krossoveri isteʼmolchi talablarining eng muhim sifatlarni: zamonaviy dizayn, xavfsizlik, qulaylik, samaradorlik va tejamkorlikni o‘zida mujassam etgan.
Chevrolet Tracker-2023 sport krossoveri o‘zining zamonaviy tashqi ko‘rinishi hamda ichki salon intereri bilan, GM tomonidan ishlab chiqarilgan CSS Prime tejamkor dvigateli, shuningdek, intelektual funksiyalar bilan ulanish va xavfsizligi bilan ajralib turadi.
L shaklidagi LED yoritgichli kunduzgi chiroqlar zamonaviylik va xavfsizlikni yana-da oshiradi. Panoramali lyuk Tracker salonida kenglik va erkinlik tuyg‘usini yaratadi.
Chevrolet Tracker-2023 intereri zamonaviy ko‘rinish va betakror uslubga ega bo‘lgan yuqori texnologiyali, dinamik va tejamkor avtomobil ekanligi bilan ham ajralib turadi.
Yangi uslubdagi qulay o‘rindiqlari uzoq safarlarda ham charchoq hisini bildirmaydi.
Zamonaviy texnik xususiyatlar avtomobilni boshqarishda yana-da zavq bag‘ishlaydi.
Chevrolet Tracker-2023 texnik xususiyatlarining muhim jihatlari quyidagilardan iborat:
- 1,2 hajmli, aylanma harakatda 190 Nm va 97 kW quvvatga ega zamonaviy uch silindrli CSS Prime turbomotor;
- 6-pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisi;
- aralash silkda tejamkor yoqilg‘i sarfi 6,9 l/100 km, shahar tashqarisidagi yo‘lda harakatlanish- 5,6 l/100 km;
- xavfsizlikni taʼminlash tizimi (past tezlikda avtomatik tormozlash, ko‘rinishi cheklangan joylar monitoringi, faol favqulodda tormozlash, oldinda turgan to‘siqlar haqida ogohlantiruvchi signalizatsiya, yarimavtomat (parallel) to‘xtash tizimi;
- haroratni avtomatik nazorat qiluvchi tizim (Klimat kontrol);
- kruiz-kontrol;
- kalitsiz salonga kirish va dvigatelni ishga tushirish;
- charmdan rul qoplami;
- elektr mexanizmga ega haydovchi o‘rindig‘i;
- EKO-charmdan o‘rindiqlar qoplamalari;
- simsiz zaryadlash;
- to‘liq svetodiod optikasi va LED orqa gabarit chiroqlar va h.k.




