Bugun, 19-dekabr kuni Oliy Majlis binosida Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Majlisda deputatlar dastlab “2023 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqishmoqda.
Taʼkidlanishicha, qonun loyihasi va Byudjetnomada yalpi ichki mahsulotning o‘sish surati 5,3 foiz miqdorda bo‘lishi nazarda tutilmoqda. Xususan, sanoat ishlab chiqarish hajmi 5,1 foiz, qurilish 6,0 foiz, qishloq xo‘jaligi 3,5 foiz, xizmatlar sohasi 6,7 foizga ortishi kutilmoqda. 2023-yilda mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 1068,0 trillion so‘mni, Davlat byudjeti daromadlari 232,1 trillion so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 21,7 foiz darajasida bo‘lishi kutilmoqda.
Shuningdek, Qonun loyihasi bilan 2023-yildan boshlab konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligining cheklangan miqdori yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshmasligi belgilanmoqda.
Davlat byudjetining xarajatlari (davlat maqsadli jamg‘armalariga ajratiladigan transfertlar bilan birga) 257,7 trillion so‘mni, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 24,1 foizni yoki 2022-yil kutilayotgan ijroga nisbatan 18,9 trln so‘mga ortishi prognoz qilinmoqda.


