Anomal issiq fonida O‘zbekistonda elektr energiyasi isteʼmoli 2022-yilning yoz oyidagi rekord ko‘rsatkichlarni yangiladi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Xususan, 2023-yil 16-iyunda respublika bo‘yicha elektr energiyasi isteʼmoli 242,6 million kilovatt/soatni tashkil etdi. 2022-yilning xuddi shu kunida jami 208 million kilovatt/soat elektr energiyasi ishlatilgan. Maʼlum qilinishicha,16-iyun kungi ko‘rsatkich avvalgi yildagidan 16,6 foiz ortiq bo‘ldi.
Shuningdek, energetika tizimining soatlik isteʼmoli 11 301 megavattni tashkil qildi. Bu 2022-yilning shu kundagi holatiga nisbatan 1 800 megavatt (18,9 foiz) va 2022-yilning yozida qayd etilgan mutlaq maksimal ko‘rsatkichdan 500 megavatt ko‘pdir.
Maʼlumot uchun, 2022-yilda maksimal elektr energiyasi isteʼmoli 27-iyulda qayd etilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 239 million kilovatt/soatni, kunduzgi isteʼmol quvvati 10 800 megavattni tashkil qilgan.


