O‘zbekistonda elektromobillar infratuzilmasini rivojlantirish hamda ayrim tarmoqlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qator bojxona va soliq imtiyozlari joriy etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan tegishli farmon haqida Adliya vazirligi ma’lumot berdi.
Farmonga muvofiq, 2026-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvargacha O‘zbekiston hududiga olib kiriladigan ayrim tovarlar bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi. Xususan, elektr transport vositalari, ularning kompanentlari hamda ularga xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi uchun mo‘ljallangan zaryadlash stansiyalari ushbu imtiyozdan foydalanadi.
Shuningdek, ipakchilik sohasini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ipak ishlab chiqarishda foydalaniladigan yigirish va to‘qish dastgohlari uchun ehtiyot qismlar, tut urug‘lari va ko‘chatlari, shuningdek super-elit, elita va sanoat ipak qurti zotlari ham bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi.
Bundan tashqari, chiqindilarni boshqarish sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlar uchun soliq imtiyozlari joriy etiladi.
Mazkur imtiyozlar 2026-yil 1-yanvardan 2031-yil 1-yanvargacha amal qiladi. Unga ko‘ra, chiqindilarni yig‘ish, olib chiqish, saralash va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar daromad solig‘i hamda ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdorida to‘laydi.
Soliq imtiyozlaridan foydalanish uchun korxonalarning chiqindilarni boshqarish faoliyatidan olingan daromadi hisobot davrida umumiy daromadning kamida 90 foizini tashkil etishi, shuningdek, barcha xodimlarning oylik ish haqi eng kam ish haqining kamida ikki baravaridan kam bo‘lmasligi lozim.


