Prezident farmoni bilan askiya va qiziqchilik sanʼati sohasida taniqli ijodkorlarning mahorat maktablari tashkil etiladi. O‘zining mahorat maktabini yaratgan ijodkorlarga har oyda mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 5 baravari miqdorida ustama beriladi.
Prezidentning "Respublikada milliy askiya va qiziqchilik sanʼatini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, Marg‘ilon shahrida Madaniyat va turizm vazirligi tizimida davlat muassasasi shaklida Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi respublika askiya va qiziqchilik sanʼati markazi tashkil etiladi.
Shuningdek, har yili so‘z ustalari va qiziqchilar o‘rtasida "Xush kayfiyat" respublika ko‘rik-tanlovi hamda askiya kechalari, askiya va milliy qiziqchilik sanʼatimizni jahon miqyosida targ‘ib qilish maqsadida har ikki yilda bir marta “Tabassum” xalqaro kulgi festivali hamda har yili askiya va qiziqchilar jamoalarining mahalliy gastrol safarlari tashkil etiladi.
Bundan tashqari, har yili kamida 25 ta yuksak badiiy saviyadagi Internet va ijtimoiy tarmoqlar uchun mo‘ljallangan audiovizual asarlar yaratish uchun davlat buyurtmasini berish, bunda eng keng ommalashgan 5 ta audiovizual asar ijodkorlarini Madaniyat va turizm vazirligi hayʼatining qarori bilan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Shuningdek, davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari hamda davlat korxonalarining xodimlari va ularning oila aʼzolari uchun ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlari o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.


