O‘zbekiston hududiga sovuq havo massalari kirib kelishi sababli 16−17-aprel kunlari respublika shimolida havo harorati kechasi 0 darajagacha tushadi. Kunduzi butun respublika bo‘ylab yomg‘ir va do‘l yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin, havo harorati +15 darajadan oshmaydi.
“O‘zgidromet” 15−17 aprel kunlari sel-suv toshqin hodisalari kuzatilishi mumkinligidan ogohlantirdi.
15−17 aprel kunlari O‘zbekiston hududiga sovuq va nam havo massalari kirib keladi. 15 aprelda respublika hududida, 16 aprelda Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida baʼzi joylarda yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi, ayrim joylarda do‘l yog‘ishi mumkin.
Baʼzi joylarda shamol tezligi 17−22 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi kutilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Farg‘ona viloyatlarida 25−28 m/s gacha kuchayishi mumkin.
17 aprelga havo harorati kechasi +2…+7 darajagacha, kunduzi +10…+15 darajagacha pasayadi. 16−17 aprel kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Navoiy viloyatlari shimolida harorat 0…+5 darajagacha, baʼzi joylarda −1…−3 darajagacha bo‘lishi mumkin, kunduz kunlari +7…+12 darajagacha pasayadi.
15−17 aprel kunlari respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida yog‘ingarchilik (yomg‘ir yog‘adi, baland tog‘larda qorga aylanadi) bo‘ladi, sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.


