Hafta davomida O‘zbekiston hududi bo‘yicha quruq va issiq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, deya xabar bermoqda “O‘zgidromet”.
Qayd etilishicha, resoublikaning barcha hududlarida 5-9-iyun kunlari havo biroz bulutli bo‘ladi biroq yog‘ingarchilik kutilmaydi. Haroratning asta-sekin ko‘tarilishi davom etadi. Ish haftasining oxiriga kelib, kunduzi havo harorati 37-40 darajagacha, 5-6-iyunda esa respublikaning shimoliy hududlarida, 6-8-iyun kunlari janubda va cho‘l hududlarida harorat 41-42 darajagagacha isishi kutilmoqda.
Respublikaning tog‘li hududlarida ushbu haftada asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘ladi, faqat Farg‘ona vodiysi bilan chegaradosh ayrim tog‘li hududlarda bugun kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Maʼlumot uchun, bunday harorat iyun oyining birinchi o‘n kunligi uchun bo‘lgan meʼyoriy qiymatlardan 4-6 darajaga yuqoridir. Biroq ushbu davrda bundan ham yuqori harorat qiymatlari kuzatilgan. Jumladan, 2021-yil iyun oyining birinchi o‘n kunligida respublika markaziy hududlari bo‘yicha havo harorati 41-43 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda esa 44-46 darajagacha ko‘tarilgan.


