O‘zbekiston Ekologik partiyasidan prezidentlikka nomzod Abdushukur Xamzayev ichki yonuv dvigatelli yengil avtomobillarni sotuvini taqiqlashni taklif qildi. Bu haqda u partiya Markaziy Kengashining plenumida aytib o‘tdi.
Abdushukur Xamzayev o‘zining saylovoldi dasturi doirasida 2030-yildan boshlab O‘zbekistonda ichki yonuv dvigatelli yengil avtomobillarni sotishni hamda chetda olib kirishni ta’qiqlash kabi tashabbuslarni ilgari surdi.
Shuningdek, u ijtimoiy sohada davlat stomatologik klinikalarini rivojlantirish, shaharlar bosh rejalarini tuzishda kamida 30 foizli yashil maydonlar yaratish talabini mustahkamlash, shaharsozlik faoliyatida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, normativ hujjatlarni qabul qilishda atrof-muhitga ta’sirini baholash tizimini joriy etish, bir martalik ishlatiladigan plastik va polietilen tarkibli idishlardan foydalanishdan bosqichma-bosqich voz kechish hamda elektron sigaretlarni mamlakatga olib kirishni ta’qiqlashni ha taklif qildi.
Bundan tashqari, nomzodning saylovoldi dasturida pestitsidlardan foydalanishdan voz kechishga yo‘naltirilgan “Yashil O‘zbekiston – 2030” dasturini ishlab chiqish hamda yuk tashishni yirik mashinalardan temir yo‘llarga o‘zgartirishga qaratilgan choralar ta‘kidlandi.


