10-avgust kuni “Ixtirochilik va ratsionalizatorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu xaqda “Huquqiy axborot” telegram kanalida xabar berildi.
Qarorga muvofiq, O‘zbekiston Ixtirochilar va ratsionalizatorlar jamiyati nodavlat notijorat tashkiloti tashkil qilinadi. Respublika iqtisodiyotining barcha tarmoqlarida ixtirochilik faoliyatini rivojlantirish Jamiyatning asosiy vazifalaridan hisoblanadi.
2022-yildan har yili hududlar, tarmoqlar va sohalar kesimida ixtirochilik va ratsionalizatorlik bo‘yicha ko‘rik-tanlov o‘tkaziladi. Ko‘rik-tanlov g‘oliblariga quyidagi miqdorda pul mukofotlari beriladi:
1-o‘ringa – BHMning 300 baravari (90 mln so‘m);
2-o‘ringa – BHMning 250 baravari (75 mln so‘m);
3-o‘ringa – BHMning 200 baravari (60 mln so‘m).
Mazkur mablag‘lar Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan qoplanadi. Ko‘rik-tanlovlarda g‘oliblarning ixtirolarini kelgusida startap loyihalar doirasida moliyalashtirishga ustuvorlik beriladi.
Gʻoliblar magistratura mutaxassisligiga Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi granti hisobidan imtihonsiz qabul qilinadi.


