Prezidentning «Kambag‘allikni qisqartirishda tadbirkorlik subyektlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, «20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis» dasturi amalga oshiriladi. Dasturda tadbirkorlar «hamkorlik shartnomalari» (3 yilgacha muddatga tuziladi) asosida ixtiyoriy ravishda ishtirok etadi. «Hamkorlik shartnomalari»ni tuzgan tadbirkorlarga dasturda ishtirok etayotganligini tasdiqlovchi sertifikat beriladi. Dasturda kamida 2 yil faoliyat ko‘rsatayotgan va ustav kapitalida davlat ulushi mavjud bo‘lmagan tadbirkorlar – yuridik shaxslar ishtirok etishi mumkin.
Dasturni amalga oshirish uchun 2023-2024-yillarda 1 milliard AQSH dollari miqdorida kredit liniyasi ochiladi. Kredit liniyasi mablag‘lari hisobidan banklar tomonidan kreditlar dasturga kiritilgan tadbirkorlarning loyihalarini (moliya sohasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar bundan mustasno) amalga oshirish uchun 7 yilgacha muddatga 14 foiz stavkada ajratiladi.
Bundan tashqari, dastur doirasida tadbirkorlarga quyidagi imtiyoz va preferensiyalar beriladi:
- tadbirkorlar tomonidan «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan fuqarolar ishga qabul qilinganda, 2025-yil 1-yanvargacha:
- tadbirkorlar ushbu fuqarolarga kamida 1 yil davomida har oy mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1 baravari miqdoridan kam bo‘lmagan ish haqi to‘lab, bandligini taʼminlagan va ular jami ishchilar sonining kamida 20 foizini tashkil etganda, mol-mulk solig‘i va yer solig‘idan imtiyoz beriladi;
- fuqarolar ishga qabul qilinganda hamda har bir oy uchun ish haqi miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda hisoblanganda, oylik ish haqi bo‘yicha to‘langan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i respublika byudjetidan ish beruvchiga (har bir ishchi uchun BHMning 2 baravarigacha) qaytarib beriladi hamda ularga ijtimoiy soliq stavkasi 50 foizga kamaytirilgan holda qo‘llaniladi.
- barcha soliqlar (QQS va soliq agentlari sifatida to‘lanadigan soliqlar bundan mustasno) va bojxona to‘lovlarini taʼminotsiz va foizsiz 1 yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi beriladi;
- davlat mulki bo‘lgan ko‘chmas mulk obyektlari va yerga bo‘lgan huquqlar autsion orqali sotib olinganda, to‘lovlarni 5 yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi;
- bojxona nazoratini amalga oshirishda «yashil yo‘lak» qoidalari amal qiladi;
- barcha turdagi soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi (jinoiy ishlar doirasidagi tekshiruvlar bundan mustasno).
Shuningdek, qaror bilan «Kasb egasi» dual taʼlim tizimi tajriba tariqasida ishga tushiriladi (birinchi bosqichda 2023/2024-o‘quv yilida Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining 3–4-kurs talabalari uchun joriy qilinadi).


