Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mutaxassislari O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasining 2017-2022-yillardagi rivojlanishini tahlil qildi.
Taʼkidlanishicha, 2017-yilda O‘zbekistonda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 73 yoshni tashkil etgan bo‘lsa, 2022-yilga kelib bu ko‘rsatkich 74 yoshga yetdi. Jumladan, ayollarning o‘rtacha umr davomiyligi 77 yosh, erkaklarniki 72 yoshni tashkil etdi.
Bundan tashqari, har 100 ming tug‘ilgan chaqaloqqa nisbatan onalar o‘limi 1,5 marta, 5 yoshgacha bolalar o‘limi 1,4 marta, neonatal o‘limlar 1,7 martaga kamayishiga erishildi.
Shuningdek, bolalarni emlash talab darajasida yo‘lga qo‘yilganligi natijasida qator yuqumli kasalliklarning tugatilishiga yoki keskin kamayishiga erishildi. Jumladan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekiston poliomiyelit kasalligidan xoli hudud, bezgak (malyariya) kasalligi tugatilganligi to‘g‘risida sertifikati, Yevropa regional byurosiga aʼzo bo‘lgan 53 ta davlatlar ichida oltinchi bo‘lib “O‘zbekistonda qizamiq va qizilcha kasalligi eliminatsiya qilinganligi to‘g‘risida”gi tegishli hujjati olindi.