O‘zbekistonda prezident saylovi boshlandi — 9 iyul kuni soat 8:00 dan mamlakatdagi 10 784 ta saylov uchastkasi davlat madhiyasi sadolari ostida ochilib, saylovchilar ovoz berishni boshladi.
“Zamon.uz” muxbirining xabar berishicha, bir qator saylov uchastkalari oldida ovoz berish istagidagi fuqarolarning navbatlari yuzaga kelgan. Ovoz berish mahalliy vaqt bilan soat 20:00 ga qadar davom etadi.
Maʼlumot uchun, Markaziy saylov komissiyasi maʼlumotiga ko‘ra, 1-iyul holatida muddatidan oldin ovoz berish imkoniyatidan 376 623 kishi foydalangan. Ulardan 101 031 nafari xorijda ovoz bergan.
Muddatidan oldin ovoz berish uchun 10 784 ta, shu jumladan, O‘zbekistonning 39 ta chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 56 ta saylov uchastkalari tashkil etildi.


