O‘zbekiston, Xitoy, Turkiyada Qirg‘iziston Iqtisodiyot va savdo vazirligining savdo vakolatxonalari tashkil etildi. Tegishli qaror Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi majlisida qabul qilindi.
Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmatining taʼkidlashicha, maqsad tashqi iqtisodiy faoliyat samaradorligini oshirish va boshqa davlatlarda Qirg‘iziston Respublikasining tashqi iqtisodiy manfaatlari himoyasini taʼminlashdan iborat.
“Taʼkidlash joizki, mahalliy ishlab chiqaruvchilar, ayniqsa, kichik va o‘rta biznes subyektlari mahsulotlarni tashqi bozorga olib chiqishda boshqa mamlakatlardagi import tartib-qoidalari va tashqi bozor talablari haqida yetarlicha maʼlumot yo‘qligi sababli ko‘plab muammolarga duch kelmoqda. Savdo hamkorlarini topish, mahsulotlarini ilgari surishda muammolar mavjud. Tadbirkorlar ko‘pincha sotish bozorini aniqlash uchun bozor tadqiqotlarini o‘tkazish imkoniyatlariga ega emas”, — deyiladi rasmiy bayonotda.
Aniqlangan muammolarni hal etish va mahalliy mahsulotlar eksportini rag‘batlantirish maqsadida savdo vakolatxonalarini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Boshqa mamlakatlar tajribasi savdo vakillari instituti eksportchilarni qo‘llab-quvvatlashning yetarlicha samarali mexanizmi hisoblanishini ko‘rsatgan.


