Ijtimoiy tarmoqda quyosh panellarini davlat tashkilotlariga, kasalxona va maktablarga, xususiy binolarga o‘rnatish monopoliyaga aylanib qolgani haqida tanqidiy maqola chop etildi. Energetika ushbu xabarga munosabat bildirdi.
Vazirlik xabarida aytilishicha, maqolada bildirilgan voqealar anonim shaxslar nomidan bayon etilgan bo‘lib, faktlar umuman haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
"Bugungi kunda yurtimizda kichik quvvatli quyosh fotoelektr tizimlarini o‘rnatish davlat tomonidan emas, tadbirkorlik subyektlari (xususiy korxonalar) tarafidan amalga oshiriladi. Bugungi kunda respublikamizda quyosh fotoelektr tizimlarini va quyosh suv isitish qurilmalarini o‘rnatish hamda ularga servis xizmati ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi 100 dan ziyod tadbirkorlik subyektlari mavjud", — deyiladi vazirlik xabarida.
Ma'lum qilinishicha, O‘zbekistondagi kichik quvvatli quyosh fotoelektr tizimlari qaysidir katta kompaniyalar bilan bog‘lanmagan, biri-biridan mustaqil, raqobatga kirishgan holda faoliyat yuritadi.
Unga ko'ra, xorijdan quyosh fotoelektr tizimlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilish, mamlakat hududiga olib kirish, xaridorlarga yetkazib hamda o‘rnatib berish, shuningdek, ularga servis xizmatlari ko‘rsatishda ham hech bir tadbirkorlik subyektiga cheklov qo‘yilmagan.
"Aholi vakillari, tadbirkorlar o‘zlari istagan tadbirkorlik subyekti bilan shartnoma imzolab, o‘z hududiga quyosh fotoelektr tizimlarini o‘rnatishi mumkin. Bunda hech qanday majburlashlarga va xarid qilishda qiyinchiliklar tug‘diradigan (qimmat narx, foizlarni oshirish kabi) holatlarga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi", — deyiladi vazirlik munosabatida.
Ta’kidlanishicha, 2023-yil boshida 1 kVt quvvatga teng quyosh panelini o‘rnatish narxi 11,5 million so‘mga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bu raqam bugungi kunda 8,5 million so‘mdan iborat bo‘lyapti.


