Prezident qaroriga muvofiq, mamlakatda turizm industriyasini rivojlantirishni jadallashtirish maqsadida bir qator yangi imtiyozlar, subsidiyalar va qo‘shimcha rag‘batlantirish mexanizmlari belgilandi. Qaror bilan turistlar oqimini ko‘paytirish, xizmatlar sifatini oshirish hamda xalqaro brendlarni jalb qilishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlar tasdiqlandi.
2026-yil 1-martdan e’tiboran, Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan:
Turistik startaplar uchun xarajatlarning 50 foizi, biroq 1 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda, har yili tanlab olingan eng yaxshi 10 ta loyihaga subsidiyalar ajratiladi.
Mehmonxonalar tomonidan “yashil” sertifikatlarni olishga sarflangan xarajatlarning 50 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi. Sertifikat turlari ro‘yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
MICE-tadbirlar o‘tkazib, kamida 100 nafar chet ellik mehmonni jalb qilgan tadbirkorlarga tadbir tashkiloti uchun to‘langan QQSning 50 foizini qaytarish mexanizmi joriy qilinadi (2026-yil 1-apreldan boshlab).
2027-yil 1-yanvargacha quyidagi bojxona imtiyozlari amal qiladi:
Turizm sohasi subyektlari tomonidan import qilinadigan avtobus, elektrobus va mikroavtobuslar bojxona boji to‘lovidan ozod etiladi. Transport vositalari sonidan qat’i nazar, ularga yagona sertifikat berish mumkin bo‘ladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tgan turoperatorlarga istisno tariqasida, ekstremal turizm uchun yuqori o‘tuvchanlikka ega transport vositalarini import qilishda bojxona boji va utilizatsiya yig‘imini amaldagi stavkaning 25 foizi miqdorida 3 yil davomida bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi.
2030-yil 1-yanvargacha, “Brand Finance” reytingidagi eng nufuzli 50 ta global brenddan birini jalb qilgan holda mehmonxona qurayotgan tadbirkorlar mehmonxona talablariga mos uskunalar, texnika, transport, mebel va inventarni import qilishda bojxona boji to‘lovidan to‘liq ozod etiladi.
Shuningdek, Turizm qo‘mitasi ilk bor xorijiy kino kompaniyalari xarajatlarining bir qismini qaytarish (Rebate) tizimi bo‘yicha mas’ul organ etib belgilandi. Qaytariladigan mablag‘lar quyidagi tartibda belgilanadi:
- 3 mlrd so‘mgacha bo‘lgan xarajatlar uchun — 10 foiz;
- 3–5 mlrd so‘m — 15 foiz;
- 5–10 mlrd so‘m — 20 foiz;
- 10 mlrd so‘mdan ortiq — 25 foiz, biroq bir film uchun 4 mlrd so‘mdan oshmaydi.
2026-yil 1-martdan boshlab, O‘zbekistonning turistik jozibadorligi, madaniy merosi yoki tarixiy qiyofasini aks ettiruvchi sahnalar yaratgan xorijiy kino kompaniyalariga Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha to‘lov mexanizmi joriy etiladi.
Mazkur qaror turizm sohasining investitsion jozibadorligini oshirish, yangi xizmat turlarini rivojlantirish, xalqaro brendlar ishtirokini kengaytirish va mamlakatning global turizm bozoridagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.


