O‘zbekistonda haj mavsumi 4 iyundan boshlanadi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistondan Saudiya Arabistoniga shu yil 4 iyundan 19 iyunga qadar har kuni 4 ta aviaqatnov amalga oshiriladi.
O‘tgan yillarda ziyoratchilar Respublikaning 7 ta hududiy aeroportlaridan kuzatilgan bo‘lsa, bu yil 10 ta hududiy aeroportlardan – Toshkent-Madina, Buxoro-Madina, Namangan-Madina, Farg‘ona-Madina, Samarqand-Madina, Qarshi-Madina, Termiz-Madina Urganch-Madina, Nukus-Madina va Navoiy-Madina yo‘nalishlari bo‘yicha ziyoratchilar haj safariga kuzatiladi.
“Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha Respublika Jamoatchilik kengashi tomonidan “Haj – 2023” mavsumiga tayyorgarlik ishlarini turli yo‘nalishlarda amalga oshirilmoqda. Jumladan, ziyoratchilarni guruhlarga ajratish, ellikboshilar biriktirish, ularning malakasini oshirish, shifokorlash ajratish, oshpazlarni jalb etish ishlari yakuniga yetkazildi. Saudiya Arabistonida dastlabki ishchi guruh mavsumga tayyorgarlikni olib bormoqda.


