Ijtimoiy tarmoqda O‘zbekiston fuqarolarining Rossiya Federatsiyasi hududiga kirishda tekshiruvlar ko‘paygani haqida xabarlar tarqaldi. O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi vatandoshlarga murojaat qildi.
Maʼlum qilinishicha, so‘nggi paytlarda elchixona Call-markaziga O‘zbekiston fuqarolari tomonidan Rossiyaga kirishda yoki Moskva shahridagi Sheremetevo xalqaro aeroportida tranzit orqali o‘tishda aeroport xodimlari tomonidan uzoq va haddan tashqari ko‘p tekshiruvlar o‘tkazilayotgani yuzasidan ko‘plab xabarlar kelib tushmoqda.
Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida elchixona Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligiga murojaat yuborgan.
“Shu bilan birga, elchixonaning konsullik bo‘limi Sheremetevo aeroportining chegara nazorati xizmati bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi”, — deyiladi xabarda.


