O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi Mehmonxona boshqaruvi xalqaro instituti va Xalqaro mehmondo‘stlik kengashi tomonidan taʼsis etilgan “Madaniyat, xilma-xillik va taʼlim sohalari rivojiga qo‘shgan hissasi uchun” maxsus mukofoti bilan taqdirlandi.
Anʼanaga ko‘ra, Hindistonda har yili sentyabr oyida nishonlanadigan O‘qituvchilar kuni munosabati bilan tashkil etiladigan rasmiy marosimda ushbu xalqaro mukofot o‘z egalariga topshiriladi.
Tadbirda Hindiston bilan taʼlim sohasidagi samarali munosabatlarga eʼtibor qaratildi. Bugun O‘zbekistonda ushbu mamlakatning Amiti va Sharda universitetlari, “Sambram” axborot texnologiyalari instituti va Acharya institutlar guruhi kampuslari muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani taʼkidlandi.
Taʼkidlanishicha, shu kunlarda Mehmonxona boshqaruvi xalqaro instituti bilan Samarqand shahrida qo‘shma loyihani amalga oshirish istiqbollari muhokama qilinmoqda.
“Biz kelasi oyda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasining Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan 25-sessiyasi kunlari ushbu qadimiy shaharga qiladigan safarimizni intiqlik bilan kutayapmiz. O‘zbekiston yoshlariga mehmondo‘stlik sohasida zamonaviy taʼlim olish imkoniyatini taqdim etish niyatidamiz”, — deydi Mehmonxona boshqaruvi xalqaro institutining Dehli bo‘linmasi direktori Abdulla Ahmad.


