1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

O`zbekistonning xalqaro zaxirlari so`nggi 5 yilda 35 foizga oshdi

Markaziy bank ma`lumotlariga ko`ra, 2023-yil 1-iyul holatiga xalqaro zaxiralar 11,3 oylik importni qoplashga yetadigan darajada shakllantirilgan.

O`zbekistonning xalqaro zaxirlari so`nggi 5 yilda 35 foizga oshdi

 

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston xalqaro zaxiralariga doir tarqalayotgan xabarlar yuzasidan Markaziy bank munosabat bildirdi.

 

Qayd etilishicha, O‘zbekistonning xalqaro zaxiralar hajmi 2017-yil bilan solishtirilganda 9,3 mlrd AQSH dollari yoki 35,3 foizga oshgan bo‘lib, bu holat 2017-2022-yillar mobaynida xalqaro zaxiralar tarkibidagi monetar oltin hajmining 67 tonnaga ortganligi hamda oltin narxining 2017-yil boshidagi 1 159,1 dollardan 2022-yil yakuniga 1 812,4 dollargacha ko‘tarilishi bilan izohlanadi. Bunda xalqaro zaxiralar xajmiga oltin narxi o‘zgarishining taʼsiri 6,9 mlrd AQSH dollarini tashkil qildi.

 

Natijada xalqaro zaxiralarning tarkibida monetar oltinning ulushi 2017-yilga nisbatan 46 foizdan 2023-yil 1-yanvar holatiga 64 foizgacha oshdi va mos ravishda valyuta mablag‘lari ulushi 53 foizdan 36 foizga kamaydi.

 

"Hozirgi geosiyosiy noaniqliklar sharoitida xalqaro amaliyotda oltin xavfsiz aktiv sifatida tan olingan bo‘lib, global iqtisodiy inqirozlar, yuqori inflyatsion bosim va geosiyosiy ziddiyatlar davrida investorlarning oltinga xavfsiz aktiv va inflyatsiyadan xedjirlash vositasi sifatida talab ortadi va bu, o‘z navbatida, oltin narxining o‘sishiga xizmat qiladi.

 

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro zaxiralari hajmi xalqaro amaliyotda zaxiralarning yetarliligini baholashda qo‘llaniladigan ko‘rsatkichlarning minimal talablariga to‘liq javob beradi", — deyiladi Markaziy bank xabarida.

 

Maʼlum qilinishicha, xalqaro zaxiralarning keng maʼnodagi pul massasiga nisbati 2023-yil 1-iyul holatiga 204 foizni tashkil qilgan bo‘lib, 20 foizlik minimal talabdan 10 barobar ko‘pdir.

 

Shuningdek, keltirilishicha, import hajmi 2017-yilda 14 mlrd dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, 2022-yilga kelib bu ko‘rsatkich 30 mlrd dollarga yetgan, yaʼni o‘sish 2,1 barobarni tashkil qilgan, 2021-2022 yillarda YAIM nominal hajmida 20-22 foizlik o‘sish kuzatilgan bo‘lsa, import hajmida ham shunga mos ravishda 20-21 foizlik o‘sish surʼatlari qayd etilgan.

 

Import hajmining yuqori surʼatlarda oshib borishi sharoitida xalqaro zaxiralarning ularga bo‘lgan nisbatining pasayishi, 2023-yil 1-iyul holatiga xalqaro zaxiralarni 11,3 oylik importni qoplashga yetadigan darajada shakllantiruvchi omillar bo‘lgan. Bu esa minimal talab etiladigan ko‘rsatkichdan qariyb 4 barobarga yuqoridir (minimal talab 3 oy).

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика