Yevropa futbolida mavsum yakuniga yetdi. Biz Chempionlar ligasi va milliy chempionatlarning g'oliblarini bilib oldik. Endi esa transfer yangiliklari va mish-mishlarning vaqti keldi. Quyida, yaqin haftalar ichida kuzatilgan transfer yangiliklari haqida bilib olishingiz mumkin.
“Real”ga himoyachi kerak
Madridning “Real” klubi sobiq jamoa himoyachisi Teo Ernandesga qiziqish bildirmoqda. Hozir fransiyalik futbolchi "Milan"da o'ynaydi va u Madriddan u yerga ko'chib o'tgandi. Endi esa "Real Madrid" rahbarlari yana o'yinchiga e'tibor qaratishdi. Besh yil oldin ispan klubi Teoni 22,8 million yevroga sotgan bo‘lsa, hozirda Transfermarkt himoyachining narxini 60 million yevroga baholamoqda, ammo "Marca" nashri Teoning “Bavariya”ga o'tishini yozmoqda. Myunxen klubi Alfonso Devis jamoadan ketgan taqdirda Teodan foydalanmoqchi. O'tgan mavsumda Ernandes 46 ta uchrashuvda 5 ta gol urdi va 11 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Seru Guirassiga top klublar qiziqmoqda
Dortmundning "Borussiya" klubi hujum chizig'ini kuchaytirish variantlarini qidirmoqda. Seru Guirassi esa yaxshi variant. “Shtutgart” hujumchisi o'tgan mavsumda Bundesligada 28 ta gol urgan. "Borussiya"ning joriy mavsumdagi eng yaxshi to'purari Doniell Malen 13 bor raqiblar darvozasini ishg'ol qildi. Nufuzli insayder Fabritsio Romanoning ta'kidlashicha, Dortmund klubi allaqachon "Shtutgart" bilan muzokaralarni boshlagan. Biroq Guirassining sermahsul o'yini boshqa klublarning ham qiziqishini uyg'otgan. Masalan, futbolchiga "Atletiko" va "Vest Xem" ham da'vogarlik qilmoqda.
Ronalduga yordamchi kerak
"Al-Nasr" bu mavsumda bironta ham sovrin yutolmadi. Krishtianu Ronaldu esa chempionlikni juda xohlagandi. Shuningdek, Saudiya kubogining muvaffaqiyatsiz finalidan keyin uzoq vaqt yig'ladi. Ronaldu keyingi mavsumda Karlos Kazemiro jamoaga olib kelinishini istamoqda. Ular "Real" va "Manchester Yunayted"da birga o'ynashgan. Hozirda braziliyalik futbolchi "Al-Nasr" bilan bog'langan. Saudiya Arabistoni davlat investitsiya fondi transferni tashkil qilish uchun katta summa taklif qilishga tayyor. Kazemironing o'zi faoliyatini qayerda davom ettirishini hal qilmagan. Braziliyalik futbolchiga Saudiya Arabistoniga ko'chib o'tish varianti maq'ul kelmoqda, ammo u "Manchester Yunayted" boshliqlarining qarorini kutmoqda. Kazemironing ingliz klubi bilan shartnomasi 2026-yilning yozida yakuniga yetadi.
Alonso jamoasini kuchaytirish haqida o'ylayapti
Xabi Alonso jamoasi 2023/2024-yilgi mavsumda ko'pchilikni hayratda qoldirdi. Leverkuzen klubi transfer bozorida faollikni oshirmoqchi, chunki yangi mavsumda jamoa Chempionlar ligasida o'ynaydi. Klub maqsadlaridan biri - "Jirona" futbolchisi Ales Garsiya. Avvalroq, "Barselona" ham futbolchiga da'vogarlik qilgandi. Joriy mavsumda 26 yoshli Ales barcha turnirlarda 40 ta o‘yin o‘tkazib, 3 ta gol urgan va 6 ta golli uzatmani amalga oshirgan. Romanoning so'zlariga ko'ra, Garsiyaning transferiga shaxsan "Bayer" bosh murabbiyi Alonsoning o'zi qiziqish bildirmoqda.
Flik Kimmix Ispaniyaga olib kelmoqchi
"Ko'k-anorranglilar" bosh murabbiyini o'zgartirdi - Xans-Diter Flik bu lavozimni egalladi. Nemis mutaxassisi "Bavariya" futbolchisi Joshua Kimmixni "Barselona"ning asosiy transfer maqsadlaridan biri sifatida belgiladi. Ammo, klublar o'rtasidagi muzokaralar boshi berk ko'chaga kirib qolgan. Xabarlarga ko'ra, Kimmixning maosh talablari ispan klubi imkoniyatlariga to'g'ri kelmaydi. Kimmixning Myunxen klubi bilan amaldagi shartnomasi kelasi yozda yakuniga yetadi. U o'tgan mavsumda 43 o'yin, ikkita gol urgan va 10 golli uzatmani amalga oshirgan.
"Real" Rodrigoni rekord summaga baholamoqda
"Real Madrid" vingeri Rodrigo boshqa jamoaga o'tishni o'ylamoqda. Nega? 23 yoshli futbolchining fikricha, Kilian Mbappening "Real"ga o'tishi braziliyalikning o'yinini sezilarli darajada qisqartiradi. "Mundo Deportivo" xabariga ko'ra, Rodrigo "Manchester Siti"ga o'tishga qarshi emas. Unga Angliya chempionati va Pep Gvardiola jamoasining o‘yin uslubi yoqadi. "Real Madrid" esa futbolchini 170 million yevrodan kamiga qo'yib yuborishni istamayapti. Joriy mavsumda Rodrigo barcha turnirlarda 51 uchrashuvda 17 ta gol urdi va 9 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.
"PSJ" yana bir katta transfer ustida ishlamoqda
"PSJ" "Napoli" vingeri Xvicha Kvaratsxeliyani jamoaga olib kelmoqchi. Ta'kidlanishicha, gruziyalik futbolchi allaqachon fransuz klubi bilan shaxsiy shartnoma shartlarini kelishib olgan. Fabritsio Romanoning xabar berishicha, "Napoli" rahbarlari futbolchiga yangi shartnoma taklif qilishga tayyor. Ular 23 yoshli Kvaratsxeliyani jamoada olib qolish niyatida. Xvicha joriy mavsumda 45 ta o‘yinda maydonga tushib, 11 ta gol urdi va 9 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Turkiya jamoasi Levandovskini sotib olmoqchi
"Fenerbaxche" mavsum oralig'ida shov-shuv ko'tarmoqchi. Avvaliga Turkiya top-klubi bosh murabbiylikka Joze Mourinyoni taklif qildi. Ikkinchidan, jamoa “Barselona” hujumchisi Robert Levandovskini sotib olishga tayyor. Bu transfer aynan portugaliyalik murabbiy kelishi uchun ko'rib chiqilmoqda. Biroq, Levandovski "Fenerbaxche" hujum chizig'ini kuchaytirishning yagona varianti emas. 2023/2024-yilgi mavsumda polshalik barcha musobaqalarda 49 ta o'yinda 26 ta gol urdi va 9 ta golli uzatmani amalga oshirdi.


