1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

"O‘zini san’atga baxshida qilolgan inson har qanday qiyinchiliklarni yenga oladi"

“Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni sohibasi Nigora Kazakova 30 yildan beri teatrda "yashaydi". U biz bilan suhbatda yoshlarning bu sohaga qiziqishi va qo‘g‘irchoq teatrlarining boshqa teatrlardan farqli tomonlari haqida gapirdi.

"O‘zini san’atga baxshida qilolgan inson har qanday qiyinchiliklarni yenga oladi"

 

27 mart — Xalqaro teatr kuni. Ushbu sana 1961-yil YUNESKO huzuridagi Xalqaro teatr instituti tomonidan Avstriyaning Vena shahrida bo‘lib o‘tgan IX kongressida ta’sis etilgan. Hozirgi kunda jahonning 100 dan ziyod mamlakatlarida ushbu sana teatr san’ati xodimlarining kasb bayrami sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. Prezident qarori bilan har yili 21–27 mart kunlari “Teatr tomoshalari haftaligi” o‘tkazilib kelinadi. Mazkur tadbirlarga tashrif buyurish esa bepul.

 

Sana munosabati bilan Toshkent shahridagi “Tomosha” bolalar teatr studiyasida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Ijodiy kechani madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov ochib berib, teatr san’ati xodimlarini bayram bilan tabrikladi. Shundan so‘ng har yilgi an’anaga ko‘ra, davlat teatrlarida samarali faoliyat yuritib kelayotgan 41 nafar soha xodimlari “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Ular orasida Andijon viloyati qo‘g‘irchoq teatri oliy toifali artisti Nigora Kazakova ham bor.

 

Nigora opa o‘ttiz yildan ortiq vaqt davomida teatr sohasida mehnat qilib kelmoqda. U shuncha yillik mehnati munosib e’tirof etilganidan mamnun.

 

"Men 1993 yildan beri Andijon viloyat Qo‘g‘irchoq teatrida aktrisa bo‘lib ishlab kelaman. Bugun xalqaro teatrlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda mehnatimni munosib taqdirlashganidan juda ham mamnunman. Bundan keyin ham yanada mas’uliyat bilan ishlab ustozlarimizdan olgan bilimlarimizni yoshlarga berishga harakat qilamiz. Avvalgi teatr bilan hozirgi teatrni farqi juda ham katta. Misol tariqasida, texnik-moddiy tomonni olishimiz mumkin. Eng asosiysi hozirda xorijiy davlatlarga chiqishga ruxsat berildi. U yerda o‘zimizning san’atimizni, milliy urf-odatlarimizni bemalol namoyish etishimiz mumkin", — deydi Nigora Kazakova.

 

U bugungi kunda yurtimizdagi teatrlarda qanday o‘zgarishlar ro‘y berayotgani, yoshlarning bu sohaga qiziqishi va qo‘g‘irchoq teatrlarining boshqa teatrlardan farqli tomonlari haqidagi savollarimizga quyidagicha javob berdi.

 

"Hozirgi bolalar teatrida tarixiy spektakllar ham qo‘yilyapti. Avvallari, faqat bolalar uchun tomoshalar ko‘rsatilardi. Misol tariqasida, yaqinda jamoamiz tomonidan Zahiriddin Muhammad Boburning yoshligi haqida "Sheryurak" nomli spektakl bolalarga xos tarzda namoyish etildi. Agar siz ishingizni chin yurakdan yaxshi ko‘rsangiz, doim uni mukammal qilishga harakat qilasiz. To‘g‘ri, ayni vaqtda kadrlar masalasida muammolar bor. Yoshlarni sohaga qiziqtirib, uning sir-asrorlaridan to‘liqroq xabardor qilishimiz kerak. Yoshlar qiyinchiliklarga chiday olmay, bu ishni tashlab ketib qolish holatlari ham kuzatilyapti. O‘ylaymanki, o‘zini san’atga baxshida qila olgan inson har qanday qiyinchiliklarni yengoladi. Men qo‘g‘irchoq teatrlarini teatrlar poydevori deb bilaman. Sababi, tomoshabin birinchi bo‘lib bolaligida aynan qo‘g‘irchoq teatriga keladi. Bolalarga qo‘g‘irchoq orqali o‘z tomoshangizni ko‘rsatib bersangiz, ularda yanada qiziqishning ortishiga guvoh bo‘lasiz", — dedi u.

 

Tadbir davomida O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatrining “Masxaraboz shou” tomoshasi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatridan opera ijrosi, O‘zbek davlat drama teatrining “Romeo va Juletta” spektaklidan parcha, “Tomosha” guruhining raqs kompozisiyasi, Rus drama teatrining chiqishi, Shohida Usmonovaning “Sahnam” qo‘shig‘i kabi chiqishlar namoyish etildi.

 

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda jami 41 ta teatr mavjud bo‘lib, 2023-yil davomida teatrlar tomonidan 150 ga yaqin turli mavzu va turli janrdagi spektakllar sahnalashtirilgan. Teatrlarda namoyish etilayotgan spektakllarga 2023-yil davomda 3,2 mln nafar tomoshabin qamrab olingan, 2024-yilda bu ko‘rsatkichni 3,6 mln nafarga yetkazish rejalashtirilgan.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика