Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekovning «Koba sanʼat majmuasi» MCHJ taʼsischi ekani tasdiqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi maʼlum qildi.
Unga ko‘ra, o‘rganish mobaynida haqiqatan ham Ozodbek Nazarbekovning 2016-yil 16-martda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan «Koba sanʼat majmuasi» MCHJda 100 foizlik ulush bilan taʼsischi ekanligi aniqlandi.
Agentlikning qayd etishicha, Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 6 martdagi «Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlangan mansabdor shaxslarning ro‘yxati to‘g‘risida»gi qaroriga asosan davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining, huquqni muhofaza qilish organlarining xodimlariga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi taqiqlangan.
Shuningdek, «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunning 4-moddasiga asosan davlat organlari (qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno), ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi qonunchilikda man etilgan boshqa shaxslar tadbirkorlik faoliyati subyektlari bo‘lishi mumkin emas.
Shu bilan birga, «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati subyektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishga, tadbirkorlik faoliyati subyektida tashkiliy-boshqaruv, maʼmuriy-xo‘jalik vazifalarini bajarishga haqli emas.
Bugungi kunda qonunchilik hujjatlariga rioya qilgan holda yuqoridagi holatlar bartaraf etilib, «Koba sanʼat majmuasi» MCHJ taʼsischisi o‘zgartirilgan. Bundan tashqari, 30-may kuni Madaniyat va turizm vazirligiga kelgusida «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonun va boshqa qonunosti hujjatlariga qatʼiy rioya qilinishini hamda vazirlik faoliyatida ochiqlik va shaffoflik, raqobat va xolislik hamda korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik prinsiplariga rioya qilinishini taʼminlash choralarini ko‘rish yuzasidan taqdimnoma kiritilgan.


