Telegram asoschisi Pavel Durov o‘z tug‘ilgan kunida internet erkinligiga bag‘ishlangan murojaatini eʼlon qildi. Unga ko‘ra, bir paytlar axborot almashish va fikr bildirish erkinligi timsoli bo‘lgan internet bugun nazorat va senzuraning asosiy quroliga aylanmoqda.
“Bizning avlodda otalarimiz yaratgan erkin internetni saqlab qolish uchun tobora kamroq vaqt qolmoqda,” — dedi Durov o‘z bayonotida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ilgari erkinlik namunasi bo‘lgan Germaniya, Buyuk Britaniya va Fransiya kabi mamlakatlar bugun “antiutopik choralar”ni joriy etmoqda. Shunga qaramay, Durov Rossiya haqida hech qanday izoh bermagan.
“Bizning avlod tarixda o‘z erkinliklariga ega bo‘lgan, ammo ularni boy berishga yo‘l qo‘ygan so‘nggi avlod sifatida qolish xavfi ostida. Shu bois men bugun bayram qilmayman. Mening vaqtim tugayapti. Bizning vaqtimiz tugayapti,” — deya yozdi u.
Maʼlumot uchun, Pavel Durov hozirda Fransiyada tergov ostida. Hukumat uni rasmiy organlar so‘rovlariga javob bermaslikda va xakerlik dasturlari tarqatilishiga aloqadorlikda ayblamoqda.


