Telegram asoschisi Pavel Durov Fransiya razvedkasi rahbari Nikolas Lernerni Ruminiyadagi prezidentlik saylovlariga aralashishga uringanlikda aybladi. Bu haqda u o‘zining rasmiy kanali orqali bayonot berdi.
Durovning so‘zlariga ko‘ra, joriy yil bahorida Parijdagi Hôtel de Crillon mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Lerner undan konservativ qarashdagi foydalanuvchilarni bloklashni so‘ragan.
"Men bu so‘rovni rad etdim. Biz Rossiya, Belarus yoki Eron namoyishchilarini qanday bloklamagan bo‘lsak, Yevropada ham bunday siyosat yuritmaymiz", — deydi Durov.
U avvalroq ham G‘arbiy Yevropadagi bir mamlakat vakillari Telegram’dan Ruminiya prezidentligiga nomzodlardan birining tarafdorlarini cheklashni talab qilganini bildirgandi.
Fransiya Tashqi ishlar vazirligi esa Durovning bayonotlarini rad etdi va uni yolg‘on ma’lumot tarqatganlikda aybladi.


