13 oktyabr kuni Vazirlar Mahkamasining “Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.
Yangi tahrirda qabul qilingan nizomga asosan pensiya tayinlash va to‘lashda quyidagi qulayliklar yaratildi:
Shaxs pensiya tayinlash uchun Pensiya jamg‘armasining rasmiy elektron pochtasiga (pension_uz@pfca.mf.uz) murojaat qilish imkoniyati yaratildi.
Shaxsning arizasi Pensiya jamg‘armasining axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilishi belgilab o‘tildi.
Shaxsning ish staji va oylik ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlar axborot tizimlarida mavjud bo‘lgan taqdirda shaxsdan qo‘shimcha hujjatlar talab qilmasdan axborot tizimlaridagi mavjud ma’lumotlar asosida pensiyalar tayinlanadi va hisoblab chiqiladi.
2005 yil 1 yanvardan avvalgi davrlar uchun ish staji mehnat daftarchasidagi mavjud yozuvlar yoki elektron mehnat daftarchasida tegishli ma’lumotlar bo‘lgan taqdirda pensiya tayinlash Komissiyasi tomonidan tekshirish to‘g‘risida qaror qabul qilmaslik belgilandi.
Pensiya tayinlashni so‘rab murojaat qilgan shaxs zarur hujjatlarni taqdim etmagan taqdirda, Pensiya jamg‘armasi bo‘limi ushbu hujjatlarni ya’ni, arxiv yoki tashkilotlarga so‘rovnomalar yuborish bo‘yicha amaliy yordam beradi.
Arizaga barcha zarur hujjatlar ilova qilinmagan hollarda Pensiya jamg‘armasi bo‘limi qo‘shimcha yana qanday hujjatlar taqdim etilishi lozimligini ariza beruvchiga 5 kunlik muddatda yozma ravishda yoki ariza beruvchining mobil telefon raqamiga “SMS” xabarnomani yuborgan holda ma’lum qilish joriy etilmoqda.
Pensiya jamg‘armasi bo‘limi shaxsga va/yoki tashkilot ma’muriyatiga pensiya tayinlash (qayta hisoblash) masalalari bo‘yicha tushuntirishlar hamda ma’lumotlar berishi shartligi belgilandi.
Pensiya jamg‘armasi fuqarolarning davlat pensiya ta’minotiga oid ma’lumot va axborotlar ommaviy axborot vositalari orqali yoritib boradi.
Nogironligi bo‘lgan bolani o‘z qaramog‘iga olgan oilaning a’zosi ushbu nogironligi bo‘lgan bolaga qarab turilgan vaqtini ish staji sifatida hisobga olish tartibi belgilandi.
Pensiya tayinlash (qayta hisoblash) uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar jamg‘arib boriladigan pensiya tizimidan, Pensiya jamg‘armasiga o‘tkazilgan sug‘urta badallarini yakka tartibda hisobga olishning markazlashtirilgan elektron reyestridan va fuqarolar ish haqining yakka tartibdagi hisobini yuritishning markazlashtirilgan elektron reyestridan, Yagona milliy mehnat tizimi idoralararo dasturiy-apparat kompleksi va boshqa vazirlik idoralarning axborot tizimlaridan olinganida Pensiya jamg‘armasi bo‘limi pensiya tayinlash uchun mavjud ma’lumotlarni tekshirish to‘g‘risida qaror qabul qilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Elektron mehnat daftarchasi ham ish stajini tasdiqlaydigan asosiy hujjat sifatida hisobga olinadi.
Pensiya, nafaqa va boshqa to‘lovlar to‘lanishi kerak bo‘lgan oyning birinchi sanasi uzoq muddatli dam olish yoki bayram kunlariga to‘g‘ri kelganida Moliya vazirligining qaroriga asosan avvalgi oy yakuniga qadar muddatidan avval pensiya, nafaqa va boshqa to‘lovlarning to‘lov qaydnomalarini shakllantirish xuquqi berildi.
Pensioner vafoti munosabati bilan olinmay qolgan pensiya puli ko‘rsatib o‘tilgan oila a’zolariga vafot etgan oy uchun to‘liq miqdorda to‘lanadi.
Pensioner vafot etgan oyda uning bank plastik kartasiga kirim qilingan mablag‘lar Pensiya jamg‘armasiga qaytarilmaydi.
Fuqaroning xohishiga ko‘ra pensiyalar doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha tayinlanadi va to‘lanadi.


