Kecha, 15 fevral kuni “Qamchiq” dovoni qor ko‘chkisi xavfi sababli yopilgandi. Iqlimshunos Erkin Abdulahatovning yozishicha [https://t.me/uzb_meteo/10972], “Qamchiq” dovonidan kesib o‘tgan “Toshkent-O‘sh” A-373 avtomobil yo‘lining 239 km qismida qor ko‘chkisi sodir bo‘ldi. Tog‘ yonbag‘ridan tushgan qor ko‘chki hodisasi avtomobil yo‘lining 239 km qismiga to‘liq tushgan. Qor ko‘chki hodisasi FVV, “Qamchiqavtoyo‘l” IYFUK hamda dovondagi tegishli xizmatlar tomonidan tozalanmoqda. FVV Matbuot xizmatining xabar [https://t.me/MCHSUzbek/15154] qilishicha, “Angren” va “Ohangaron” vokzaliga kelgan yo‘lovchilar uchun “Ohangaron-Angren-Andijon” qo‘shimcha temiryo‘l reysi yo‘lga qo‘yilgan. Qayd etilishicha, “Ohangaron”, “Angren”, “Orzu” temir yo‘l bekati va vokzallaridan Pop vokzaligacha 200 nafardan ortiq yo‘lovchi poyezdda evakuatsiya qilinmoqda. Shuningdek, xohlovchilar uchun hududlarda isinish maskanlari tashkil etilgan. Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamkorlikdagi xizmatlar ishtirokida yo‘lovchilar o‘z manzillariga xavfsiz yetib olishlari taʼminlandi.