1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Popda o‘rmon xo‘jaligi yerlarini noqonuniy ijaraga bergan mansabdorlar fosh etildi

Yer uchastkalarini noqonuniy rasmiylashtirish va pora olish bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Popda o‘rmon xo‘jaligi yerlarini noqonuniy ijaraga bergan mansabdorlar fosh etildi

 

Pop ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligi faoliyatida qator qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Joriy yil yanvar oyi boshida tuzilgan ishchi guruh tomonidan o‘rmon xo‘jaligi yerlaridan maqsadli foydalanish masalasi yuzasidan tegishli tekshiruv ishlari o‘tkazildi. Bu haqda DXX Zamon.uzga xabar berdi.

 

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, muassasa mansabdor shaxslarining xizmat vazifalariga loqayd munosabati oqibatida xo‘jalik yer maydonlarini ijaraga olgan 5 nafar tadbirkor tomonidan vakolatli tashkilotlar ruxsatisiz bino va inshootlar qurilgan hamda yer uchastkalarining ixtisoslashuvi o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirilgan. Bu holat davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilishiga sabab bo‘lgan.

 

Shuningdek, 460 nafar ijarachidan ijara to‘lovlari undirilmagani natijasida davlatga jami 1 mlrd 480 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilgani aniqlandi.

 

Eng og‘ir holatlardan biri sifatida, o‘rmon xo‘jaligi mansabdor shaxslarining ayrim ijarachilar bilan til biriktirib, 2023–2025 yillar davomida 5 356 kub metr noruda materiallarni noqonuniy qazib olish orqali davlatga 1 mlrd 322 mln so‘m zarar yetkazgani qayd etildi.

 

Aniqlangan holatlar yuzasidan Pop ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligi mansabdor shaxslari va boshqa shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 193, 196-1, 207 va 229-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Bundan tashqari, Davlat xavfsizlik xizmati Namangan viloyati boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Pop ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligining bo‘lim o‘rmonbegisi avval xo‘jalik balansida bo‘lgan, keyinchalik tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilgan yer uchastkasining 20 sotix qismini tanishlari orqali fuqaroga turar joy sifatida rasmiylashtirib berish evaziga 15 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

 

Tezkor tadbir davomida mazkur pul mablag‘idan 500 AQSH dollarini olgan vaqtda Davlat kadastrlar palatasining Pop tuman filiali mutaxassisi ham qo‘lga olindi. Ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

 

Shuningdek, Pop ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi shaxs xizmat mavqeidan foydalanib, yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berish tartibini buzgan holda mahalliy tadbirkordan 50 sotix yer maydonini ijaraga berish evaziga 10 ming AQSH dollari talab qilgan va oldindan 5 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

 

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Qayd etilishicha, mazkur mansabdor shaxs muqaddam bir necha bor sudlangan bo‘lishiga qaramasdan, berilgan ishonch va imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanmagan.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика