1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jamiyat

Poytaxt aholisida qanday muammolar bor?

Toshkent shahridagi Xalq qabulxonalariga joriy yilning 8 oyida aholidan qariyb 109 ming 270 ta murojaat kelib tushgan.

Poytaxt aholisida qanday muammolar bor?

 

Ularning 53 ming 850 dan ortig‘i yoki 53,8 foizi ijobiy hal etilgan, 42 ming 440 dan ziyod masalaga huquqiy maʼlumot va tushuntirish berish orqali yechim topilgan bo‘lsa, 726 ta murojaat uzoq muddatli nazoratga olingan, qolganlari o‘rganish jarayonida.

 

Bu jarayonda poytaxt aholisidan uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, yo‘l qurilishi, tadbirkorlik kabi sohalar bo‘yicha kelib tushayotgan murojaatlarni hal qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Olmazor tumani “Chilto‘g‘on” mahallasida yashovchi Nigina Ahmedova Usta olim ko‘chasida avtomobillar serqatnovligi oqibatida aholiga noqulaylik tug‘ilayotgani, yo‘l-transport hodisalari yuz berayotgani, hududda rejalashtirilgan yo‘l usti piyodalar ko‘prigi qurilishini tezroq boshlab, bitirib berishda amaliy yordam so‘ragan. Shu mazmundagi murojaatlar tegishli tashkilotlar hamkorligida ishchi guruh tuzilgan holda o‘rganib chiqildi. O‘rganishlar natijasida tegishli dasturlarga taklif kiritilib, 2022 yil iyuldan mazkur yo‘l usti ko‘prigini bunyod etish ishlari boshlandi. Ayni paytda qurilish ishlari olib borilmoqda.

 

Poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi qadimiy manzillaridan biri “Ko‘kcha” mahallasi 7-Qo‘rg‘oncha ko‘chasida esa shu paytgacha oqava suv tarmog‘i yo‘q edi. Aholining poytaxtimizdagi ommaviy qabullardagi murojaatidan so‘ng bu boradagi ishlab chiqilgan “yo‘l xaritasi”ga asosan bugun mazkur ko‘chada 850 pogonometr oqava suv tarmog‘i tortilyapti, 2 ta oqava suv haydash nasosi o‘rnatiladi. Bu bilan 67 ta xonadonning 60 yillik masalasi nihoyat barham topyapti.

 

Sergeli tumanidagi “No‘g‘ayqo‘rg‘on” mahallasi Saʼdiy ko‘chasi aholisidan kelib tushgan murojaatlarda esa elektr tarmoqlaridagi muammolarga yechim topish kun tartibiga qo‘yilgan edi. Aholi soni, ishlab chiqarish quvvatlari oshgan bo‘lsa-da, transformator almashtirilmagani tez-tez uzilishlarga sabab bo‘lar, bu esa, tabiiyki, odamlarning xunobini oshirardi. Bu boradagi murojaatlar joyiga chiqib o‘rganilgach, chindan ham “No‘g‘ayqo‘rg‘on” va “Qubaytepa” mahallalarini elektr energiyasi bilan taʼminlovchi transformator zo‘riqib ishlayotgani aniqlandi. Va dastur asosida ayni paytda 400 kilovolt-amper o‘rniga quvvati 630 kilovolt-amperli yangi transformator o‘rnatilmoqda.

 

Sergeli tumani Qo‘yliq 6 massivida 1970 yillarda qurilgan uylar bor.  Xususan, mavzedagi 15-uydagi 200 ga yaqin aholiga xizmat ko‘rsatadigan lift ham allaqachon muddatini o‘tab bo‘lgan. Uning nosozligi bois yuqori qavatdagi nuroniylar havo olish uchun oyda bir ko‘chaga chiqishga ham majbur bo‘lardi. Shu uyda yashovchi Xurshida Tovboyeva va boshqalarning murojaatlari asosida bu masala ham manzilli dasturga kiritilgach, mazkur uyda ham ancha vaqtdan beri kutilgan yangi lift o‘rnatish ishlari boshlandi.

 

Shayxontohur tumani “Qoratosh” mahallasidagi 104-, Chilonzor tumani 16-mavzedagi 16-uylarda yashovchi aholini ham ayni shu masala anchadan beri bezovta qilayotgan edi. Murojaatlardan so‘ng bu uylardagi foydalanilayotganiga 30 yildan oshgan, belgilangan muddatidan ham 5 yildan ziyod vaqt xizmat qilgan eski liftlar ham ayni kunlarda yangilanmoqda.

 

Olmazor tumani Noroztepa ko‘chasidagi 1-uyda 1980-yillarda o‘rnatilgan liftlar ham birin-ketin yangisiga almashtirilgach, 81 xonadonning mushkuli oson bo‘ldi.

 

Toshkent shahridagi Xalq qabulxonalarining ham mahalla raislari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari-Yu xotin-qizlar faollari bilan uyg‘un faoliyat olib borayotgani, ularning boshini birlashtirayotgani mahallalardagi ko‘plab tizimli muammolarga yechim topish imkonini bermoqda. Deylik, O‘zbekiston badiiy akademiyasi akademigi, O‘zbekiston sanʼat arbobi, professor Saʼdulla Abdullayev ko‘p yillar Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida ishlagan. Saʼdulla akaning qizi Fotima ham ota kasbini tanladi. Tez orada sanʼatshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyasini himoya qiladi. Yosh isteʼdod egasi uchun esa amaliyot nihoyatda zarur edi. Fotima Abdullayeva ayni shu masaladagi murojaati sektor va mahalla masʼullari bilan birga ko‘rib chiqilgach, unga “Kamolon” mahallasidagi 34-maktabning bo‘sh turgan yerto‘lasida dizaynerlik yo‘nalishida o‘quv kursi tashkil qilishda amaliy yordam ko‘rsatildi. Yerto‘ladan joy ajratilib, xonalar taʼmirlandi, 33 million so‘mlik imtiyozli kredit evaziga zarur jihozlar olindi. Natijada, bugun o‘nlab oilalar farzandlari bu yerda dizaynerlik sir-asrorini o‘rganmoqda.

 

Yog‘och o‘ymakorligi hadisini olgan yosh hunarmand Jamshid G‘ulomovning ham shu mazmundagi murojaatidan so‘ng unga ham “Kamolon” mahallasidagi 84-maktabning bo‘sh turgan yerto‘lasidan joy ajratildi. Bu yerda moʻjaz ustaxona va to‘garak tashkil qilgan yosh hunarmand o‘nlab yoshlarga yog‘och o‘ymakorligidan saboq bermoqda.

 

Asli tibbiyot xodimi bo‘lgan Maʼmura Muhrimovaga ham shu yerda jismoniy tarbiya kursini tashkil etishda ko‘maklashildi.  Bugun Maʼmura opa jismoniy rivojlanishi nisbatan past bo‘lgan 20 dan ortiq bolalar bilan mashg‘ulotlar olib bormoqda.

 

Har bir kishi og‘ir vaziyatga tushar ekan, birinchi navbatda, davlatdan yordam kutadi. Kutilgan ko‘mak qo‘li cho‘zilganda esa inson shu jamiyatda o‘z o‘rni, o‘z qadri borligini anglaydi. Ota-onasidan erta ajrab, buvisining qo‘lida ulg‘aygan olmazorlik Abdug‘affor Ibodov ham parrandachilikka qiziqdi, shu yo‘nalishdagi fabrikalarda ishlab, tajriba orttirdi. So‘ng o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishni maqsad qildi. Tuman sektorlari rahbarlarining sayyor qabulida Abdug‘afforning ham dekorativ jo‘jalarni ko‘paytirishga oid biznes-loyihasi maʼqullandi. 20 million so‘m imtiyozli kredit ajratildi. Bu pulga inkubator va tovuq qafaslari xarid qilgan yigitcha jo‘ja parvarishlashga kirishib ketdi, o‘z daromad manbaiga ega bo‘ldi, tadbirkor bo‘ldi.

 

Мurojaatlaridan so‘ng hayotida real o‘zgarishlar bo‘layotgan bu kabi ko‘plab taqdirlarni bir jihat – davlat qo‘lloviga tayanch, ertangi kunga ishonch va albatta farovon hayotga intilish yakdilligi birlashtirib turibdi. “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” g‘oyasi amalda qaror topayotganini, xalq bilan muloqot instituti eng quyi bo‘g‘inlargacha kirib borib amaliy o‘zgarishlar-u yangilanishga asos bo‘layotganini har kuni ming-minglar yurtdoshimiz o‘z kundalik hayotida ko‘rmoqda, sezmoqda. Xalqimiz davlat hokimiyatining birdan-bir manbai ularning o‘zi ekanini o‘z turmushida his etmoqda. Real hayotiy masalalarning amalda hal qilib berilishi esa har bir insonning ertangi kunga, adolat va haqiqat kuch-qudratiga ishonchini yana-da mustahkamlaydi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика