Moldova prezidenti Mayya Sandu agar bunday masala bo‘yicha referendum o‘tkazilsa, o‘z mamlakati Ruminiyaga qo‘shilishi uchun ovoz berishga tayyorligini bildirdi. U bu pozitsiyasini Moldovadagi demokratiyani Rossiya tomonidan bo‘layotgan bosimlardan himoya qilish istagi bilan izohladi. U bu haqda 11-yanvar kuni The Rest is Politics nomli Britan podcastiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Agar bizda referendum bo‘lsa, men Ruminiya bilan birlashish uchun ovoz beraman”, — degan u.
President shu kungacha ham bir necha marotaba Moskvani o‘z mamlakatining ichki siyosiy ishlariga arlashishga urinishlarda ayblagan.
“Dunyoda nimalar bo‘layotganiga qarang. Moldova kabi kichik mamlakat uchun demokratiya sifatida, suveren davlat sifatida yashab qolish va, albatta, Rossiyaga qarshi tura olish tobora qiyinlashib bormoqda”, — dedi u podkastda.
Reuters agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Moldovaning 2,4 million aholisining taxminan 1,5 millioni Ruminiya fuqaroligiga ega. Biroq so‘rovlar ko‘rsatishicha, mamlakat aholisining faqat taxminan uchdan bir qismi ikki mamlakatning birlashish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaydi.
Mayya Sandu ta’kidlashicha, u aholining ko‘pchiligi uning yondashuvini qo‘llab-quvvatlamasligini tushunadi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Moldovaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi — ancha realistik ssenariy.
Moldovaning hozirgi hukumati o‘z oldiga mamlakatni 2030-yilgacha Yevropa Ittifoqiga a’zo qilish maqsadini qo‘ygan. Biroq buning uchun Kishinyov bir qator murakkab islohotlarni amalga oshirishiga to‘g‘ri keladi.


