Shavkat Mirziyoyev Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning taklifiga binoan joriy yil 2-3 may kunlari tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.
Tashrif dasturida Frank-Valter Shtaynmayer va Olaf Shols bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yana-da mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqiladi, xalqaro kun tartibining turli jihatlari yuzasidan fikr almashiladi.
Germaniyaning yetakchi kompaniyalari bilan innovatsion-texnologik sheriklikni kengaytirishga qaratilgan istiqbolli loyiha va dasturlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Shu maqsadda Sh.Mirziyoyev ushbu mamlakat biznesining yetakchilari bilan alohida uchrashuv o‘tkazadi.
Tashrif chog‘ida Jeyms Simons galereyasida “O‘zbekistonning arxeologik xazinalari. Makedoniyalik Iskandardan Kushonlar imperiyasigacha” nomli ko‘rgazmaning ochilishi ham rejalashtirilgan.


