Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona shahridagi “Yangi O‘zbekiston” massivining qurilish ishlari bilan tanishdi.

Prezident matbuot xizmati ma'lumotlariga ko'ra, bugungi kunda 300 gektarli ulkan maydonda jadal qurilish ketmoqda. Bu yerda 65 mingdan ziyod aholiga mo‘ljallangan 298 ta ko‘p qavatli uy bunyod etiladi.
"Aholi zich yashaydigan shahar va viloyat uchun bu muhim ijtimoiy ahamiyatga ega. Bu yil massivda 73 ta uy barpo etilmoqda. Ularning dastlabkilari foydalanishga topshirilib bo‘ldi", — deyiladi xabarda.
Mazkur hududda maktablar, maktabgacha taʼlim va tibbiyot muassasalari, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari, sport majmuasi bo‘ladi.
"50 gektarda tashkil etiladigan kichik sanoat zonasi aholini ish bilan taʼminlashda muhim o‘rin tutadi. Massiv o‘ziga xos ekoshahar bo‘ladi - 70 gektar maydonda ’Yangi O‘zbekiston bog‘i‘ va sunʼiy ko‘l barpo qilinadi. Bo‘sh maydonlarga ham daraxtlar ekiladi. Sunʼiy ko‘l atrofida so‘lim xiyobon tashkil etiladi", — deyiladi xabarda.

Davlat rahbari massivdagi ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarga investorlarni jalb etish, xizmat turlarini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Shu bilan prezident Farg‘ona viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.


