1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Prezident II O‘zbekiston xalqaro iqtisodiy forumi ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi

Anjumanning asosiy muloqot mavzusi «Inson manfaatlarini iqtisodiy islohotlarning bosh mazmuniga aylantirish» masalasiga bag‘ishlangan.

Prezident II O‘zbekiston xalqaro iqtisodiy forumi ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi

 

Shavkat Mirziyoyev II O‘zbekiston xalqaro iqtisodiy forumining ishtirokchilarini tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, anjumanning asosiy muloqot mavzusi «Inson manfaatlarini iqtisodiy islohotlarning bosh mazmuniga aylantirish» masalasiga bag‘ishlangan.

 

Prezident dunyoda davom etayotgan murakkab pandemiya va global iqtisodiy inqiroz oqibatlari, turli notinchliklar va ziddiyatlar fonida yuzaga kelayotgan oziq-ovqat va energetika xavfsizligini taʼminlash, iqlim o‘zgarishi muammolari inson taqdiri haqida jiddiy bosh qotirishni kun tartibiga dolzarb masala qilib qo‘yayotganiga alohida to‘xtaldi.

 

Shuningdek, davlat rahbari forum nufuzli xalqaro tashkilotlar, yetakchi xorijiy kompaniyalar va taniqli ekspertlar ishtirokida bu boradagi ilg‘or tajribalarni muhokama qilish hamda birgalikda umumiy harakatlar rejasini ishlab chiqish uchun qulay imkoniyat bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirgan.

 

Xususan, mamlakatda 2022-2026 yillarda inklyuziv va barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish, inson kapitalini rivojlantirish va kambag‘allikni kamida 2 barobarga qisqartirishni maqsad qilingani, buning uchun quyidagi vazifalar tizimli ravishda amalga oshirilayotgani maʼlum qilingan.

 

  • Iqtisodiyotda xususiy sektor rolini tubdan oshirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investitsiya va sog‘lom raqobat muhitini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

  • Bu borada hududlarning sharoiti, o‘ziga xos xususiyati va imkoniyatidan kelib chiqqan holda, biznes uchun soliq yukini izchil kamaytirib borish va moliyaviy resurslar bilan taʼminlashga ahamiyat berilmoqda;

  • Aholining turmush sifatini oshirish va yashash sharoitini yana-da yaxshilash maqsadida har bir mahallaning infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturlarni hayotga joriy etilmoqda;

  • Butun respublika bo‘yicha «Obod qishloq», «Obod mahalla» va «Tashabbusli budjet» dasturlari doirasida aholi uchun zarur bo‘lgan ichimlik suv, elektr energiyasi taʼminoti, ichki yo‘llar holati yaxshilanib, taʼlim, tibbiyot muassasalari va boshqa ijtimoiy obyektlar barpo etilmoqda;

  • Aholining kambag‘al va ehtiyojmand qatlamlarini manzilli ijtimoiy himoya tizimi bilan to‘liq qamrab olish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini kengaytirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda;

  • Qishloq xo‘jaligiga suv va resurs tejovchi, “aqlli” texnologiyalarni joriy etgan holda, mahsulot ishlab chiqarishning barqaror tizimlarini yaratish hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash doimiy diqqat markazida;

  • Barcha hamkor davlatlar bilan savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni kengaytirish, raqobatbardosh mahsulotlar bilan tashqi bozorlarga chiqish, bu borada transport-logistika tizimlarini rivojlantirish orqali o‘zaro bog‘liqlikni taʼminlash islohotlarining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

 

«Albatta, Yangi O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan yuksak marralarni amalga oshirishda xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy davlatlar va yetakchi kompaniyalar bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda.

Shu o‘rinda, bizga xayrixoh bo‘lgan, birgalikdagi loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etayotgan barcha hamkorlarimizga o‘z minnatdorligimni bildiraman.

Aminmanki, tadbirda Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki singari nufuzli tashkilotlar vakillari va salohiyatli investorlar qatnashayotgani mazkur forum ishini yana-da samarali bo‘lishiga xizmat qiladi.

Bugungi anjuman ishtirokchilari yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishib, sheriklik aloqalarimizni yana-da kengaytirishga munosib hissa qo‘shadilar, deb ishonaman.

Fursatdan foydalanib, barchangizga mustahkam sog‘liq, sharafli va masʼuliyatli faoliyatingizda ulkan kuch-g‘ayrat va omadlar, forum ishiga esa katta muvaffaqiyatlar tilayman», — degan Shavkat Mirziyoyev.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика