Prezident Shavkat Mirziyoyev maktab bitiruvchilariga tabrik yo‘lladi. Tabrik matni davlat rahbari matbuot xizmati tomonidan eʼlon qilindi.
“Bugun o‘z bilim va isteʼdodi, kuch-g‘ayratini Yangi O‘zbekiston bunyodkori, jonajon yurtimizga munosib farzand bo‘lishdek ezgu maqsadga baxsh etishga bel bog‘lagan sizlar kabi navqiron yoshlarni maktab taʼlimini muvaffaqiyatli tugatayotganingiz bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Mehribon ustozlaringiz va ota-onalaringiz sizlarga oq yo‘l tilab turgan mana shu qutlug‘ kunda mamlakatimizdagi barcha maktablarda “so‘nggi qo‘ng‘iroq”lar jaranglab, siz kabi minglab yoshlarimiz katta hayotga yo‘llanma olmoqdalar.
Haqiqatan ham, bugun sizlar ulkan imkoniyatlar taqdim etadigan butunlay yangi hayot ostonasida turibsiz. Bu yo‘lda tinimsiz izlanib, yangi marralar sari talpinish, dadillik va o‘zingizga qatʼiy ishonch hissi doimo hamrohingiz bo‘lishi lozim.
Hamisha yodingizda tuting, har biringiz o‘ziga xos isteʼdod sohibisiz, ularni ro‘yobga chiqarish esa avvalo o‘zingizga, tinimsiz intilish va izlanishlaringizga bog‘liq.
Shu o‘rinda, sizning safingizda o‘qishni oltin va kumush medallar bilan tamomlayotgan yuzlab o‘g‘il-qizlarimiz borligini taʼkidlash o‘rinlidir.
Keyingi yillarda Yangi O‘zbekiston yoshlari turli fanlar, sport, sanʼat va adabiyot sohalarida o‘zining chuqur bilim va qobiliyatini yaqqol namoyon qilishmoqda.
Hayotda yuksak marralarni ko‘zlab turgan bunday serg‘ayrat va bilimdon farzandlarimizni yurtimizdagi millionlab o‘g‘il-qizlarimizga o‘rnak qilib ko‘rsatsak, arziydi.
Mamlakatimizda navqiron avlod vakillarini har tomonlama barkamol insonlar etib tarbiyalash, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash, qobiliyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarishga juda katta eʼtibor qaratilmoqda.
Chunki jonajon Vatanimizning kelajagi, uning taqdiri va taraqqiyoti bugun shinam sinfxona va auditoriyalarda qunt bilan taʼlim olayotgan yoshlarning qo‘lida. Ular ertaga O‘zbekistonni yana-da kuchli, rivojlangan va baxtli davlatga aylantirish uchun o‘zlarining bor bilimi, iqtidori va kuch-g‘ayratini safarbar qilsa, ko‘zlagan maqsadlarimizga albatta erishamiz.
Ayni paytda mamlakatimizdagi ko‘plab zamonaviy oliygohlar, kasb-hunar maktablari va texnikumlar bitiruvchilarni o‘z bag‘riga chorlamoqda. Bu maskanlarda ularning taʼlimni davom ettirib, yana-da chuqurroq bilim olishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Aziz o‘g‘il-qizlarim!
Sizlar jonajon Vatanimiz shonli tarixining bir qismi, o‘z madaniyati va anʼanalarini asrlar davomida asrab-avaylab kelayotgan buyuk xalqning dilbandlari, Yangi O‘zbekistonning umidi va tayanchi hisoblanasiz. Yana bir bor taʼkidlab aytmoqchiman, davlatimizning ertangi taqdiri, uning ravnaqi va taraqqiyoti sizlarning qo‘lingizda.
Hech qachon orzu qilishdan to‘xtamang, katta maqsadlar yo‘lida imkoniyatlaringizni sinab ko‘rishdan, bu yo‘lda xato qilish va ulardan saboq olishdan qo‘rqmang. Chunki xalqimiz sizlarga katta umid va ishonch bilan qaramoqda.
Sizlarning yangi g‘oya va tashabbuslaringiz, ishtiyoqingiz va kuchingiz nafaqat O‘zbekistonni, balki butun dunyoni o‘zgartirishi mumkin. Shuning uchun har qanday holatda ham o‘z oldingizga qo‘ygan ezgu maqsadingizdan ortga chekinmang.
Har biringiz ustozlaringiz va ota-onangiz qalbingizga singdirgan qadriyatlarga hamisha sodiq bo‘lib, xalqimizning bebaho merosini yana-da boyitishga, yurtimizning yorug‘ kelajagiga hissa qo‘shishga intiling.
Biz jahonga ilm-maʼrifat, maʼnaviy boylik yetkazib bergan ne-ne ulug‘ zotlarning avlodimiz. Ularga xos bo‘lgan noyob xususiyatlar, ular yaratgan anʼanalar bugun har birimizning qalbimizda, ongimizda va hayotimizda yashamoqda.
Endilikda biz ana shu buyuk ajdodlarimizning chinakam davomchilari bo‘lgan qalbi qaynoq yoshlarimizning yuksak maʼnaviy va intellektual salohiyati, ularning dunyoni lol qoldiruvchi yutuqlari bilan ham faxrlanishga haqlimiz.
Hech shubhasiz, hayotda yuksak natijalarga erishish uchun tinimsiz harakat, shijoat va jasorat talab etiladi. Sizlarning chuqur bilim olish, zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rganish orqali Vatanimizga munosib farzandlar bo‘lib yetishishingiz va uning taqdiri uchun masʼuliyatni zimmangizga olishingizga ishonaman.
Bu sharafli yo‘lda barchangizga baxt va omad doimo yor bo‘lishini tilayman”, deyiladi tabrik matnida.


