Unga ko‘ra, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi — Prezident taʼlim muassasalari agentligi etib qayta nomlandi.
Qarorda keltirilishicha, 2021/2022-o‘quv yilidan quyidagilarga test sinovlarisiz va qo‘shimcha imtihonlarsiz o‘qishga kirish huquqi beriladi:
-
prezident maktablari bitiruvchilariga davlat oliy taʼlim tashkilotlariga umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlariga nisbatan qo‘shimcha davlat granti asosida;
-
agentlik tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablarning bitiruvchilariga ixtisoslik yo‘nalishidan kelib chiqib davlat oliy taʼlim tashkilotlarining kimyo, biologiya, fizika va axborot texnologiyalari sohalari uchun kadrlar tayyorlaydigan bakalavriat taʼlim yo‘nalishlariga umumiy belgilangan qabul parametrlaridan tashqari bazaviy to‘lov-kontrakt asosida;
-
agentlik tizimidagi ijod maktablarining bitiruvchilariga ixtisoslik yo‘nalishidan kelib chiqib davlat oliy taʼlim tashkilotlarining tilshunoslik, adabiyot, pedagogika, tarjimonlik, jurnalistika sohalari uchun kadrlar tayyorlaydigan bakalavriat taʼlim yo‘nalishlariga umumiy belgilangan qabul parametrlaridan tashqari bazaviy to‘lov-kontrakt asosida.
Shuningdek, 2021/2022-o‘quv yilidan O‘zbekistondagi xorijiy OTM va ularning filiallari hamda nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirgan prezident maktablari bitiruvchilariga to‘lov-kontrakt summasini qoplash uchun subsidiya to‘lanadi.
2021–2025 yillarda agentlik tizimida 13 ta yangi ixtisoslashtirilgan maktab quriladi va 5 ta ijod maktabi taʼmirlanadi.
2021 yil 1 sentyabrgacha agentlik tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablarda alohida taʼlimga ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv IT taʼlim joriy qilinadi.
Agentlik huzurida yuridik shaxs maqomidagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi tashkil etiladi.


