Shavkat Mirziyoyev Ohangaron tumaniga tashrifi doirasida mis quvurlari va fitinglar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Infinity Copper Group korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Ma’lum qilinishicha, loyiha Xitoy va Germaniya kompaniyalari bilan hamkorlikda 10 gektar maydonda amalga oshirilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 36 million dollarni tashkil etadi. Hozirda qurilish ishlari 90 foizga yakunlangan bo‘lib, 14,9 million dollar investitsiya o‘zlashtirilgan.
2025-yilda Oʻzbekistonga 15 million dollarlik mis quvurlar va fitinglar import qilingan. Korxona to‘liq ishga tushgach, 10 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilishi kutilmoqda.
Korxonada 300 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, 200 milliard so‘m budjet tushumlari ta’minlanadi hamda 350 million dollarlik eksport amalga oshiriladi. Mahsulotlar Birlashgan Arab Amirliklari, AQSh, Afrika qitʼasi hamda Yevropa davlatlariga yetkazib beriladi.
Korxona mamlakatda mis quvurlari va fitinglar ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha yetakchi o‘rinlardan birini egallab, to‘rtta ishlab chiqarish korxonasini o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, davlat rahbari Premier maishiy texnika mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan ham tanishdi.
Mazkur loyiha Fajr Al Mustaqbal General Trading bilan hamkorlikda 10 gektar maydonda amalga oshirilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 30 million dollarni tashkil etadi. Loyiha doirasida 250 ta yangi ish o‘rni yaratiladi va 4 million dollarlik eksport amalga oshiriladi. Hozirgi vaqtda qurilish ishlari 95 foizga bajarilib, 11,3 million dollar investitsiya o‘zlashtirilgan.
Korxonada ishlab chiqariladigan mahsulotlar Ozarbayjon, Qozogʻiston, Tojikiston, Rossiya, Qirgʻiziston hamda Afgʻonistonga eksport qilinadi.
Kelgusida majmua to‘liq ishga tushishi hisobiga 87 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilishi kutilmoqda.
Davlat rahbari korxonalarda ishlab chiqarish jarayonlari va mahsulotlar sifatini ko‘zdan kechirdi, mutaxassislar hamda ishchilar bilan suhbatlashdi. Shuningdek, 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan rivojlanish dasturi taqdimoti o‘tkazildi hamda mamlakatdagi elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar ko‘rgazmasi bilan tanishildi.


